AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun BMT Xavfsizlik Kengashi majlisida so'zlab, doimiy a'zolardan Arab Ligasining Suriyaga doir taklifini qo'llab-quvvatlashni so'radi.
Britaniya va Fransiya ham yoqlayotgan bu rejaga ko'ra, Suriya prezidenti Bashar al-Assad hokimiyatni o'rinbosariga topshirishi kerak. Muxolifat ishtirokida muvaqqat hukumat tuziladi va saylovlarga tayyorgarlik boshlanadi.
Rossiya Arab Ligasi rejasiga qarshi. Bu davlatning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin Xavfsizlik Kengashida gapirar ekan, hozirgi taklif bir yoqlama, ya'ni Suriyadagi barcha siyosiy kuchlarning istak-xohishini aks ettirmaydi, dedi.
Bashar al-Assad va uning ma'muriyati nazarida Arab Ligasi Suriya ichki siyosatiga aralashmoqda.Zo'ravonlik ortida hukumat emas, terrrorchi kuchlar turibdi, deya bildiradi rasmiy Damashq.
Xillari Klinton Xavfsizlik Kengashi majlisidan keyin matbuot xodimlarning savollariga javob berar ekan, Arab Ligasi taklifini yoqlovchi rezolyutsiya loyihasi ustida ish davom etadi, dedi.
"Kelasi kunlar ichida Rossiya va Xitoy bilan ochiq gaplashib olamiz, yakdillik tomon harakat qilamiz",- deydi u."Suriyada inson huquqlari mudhish tarzda poymol etilmoqda va Bashar al-Assad o'z xalqining qonini to'kishiga chidab tura olmaymiz".
Rossiyaning BMTdagi elchisi Churkin esa bunday rezolyutsiya fuqarolik urushiga yetaklaydi deya Kreml pozitsiyasi o'zgarmasligi haqida ogohlantirmoqda.
Suriyada 2011-yilning mart oyida boshlangan qozg'olonlarda bugungacha 5400 dan ortiq odamning yostig'i quridi. Aksariyati hukumat kuchlari o'qidan o'lgan, deyiladi BMT hisobotlarida.