Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’rificha, Suriyada son-sanoqsiz guruhlar va hukumat insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etayapti.
Xalqaro tashkilot bugun e’lon qilgan hisobotida bu urushning butun mintaqaga ta’sirini tahlil qiladi. BMT xulosasiga ko’ra, Suriyadagi urush va buning asorati mamlakat sarhadlaridan chiqib bo’ldi.
BMT komissiyasi raisi Paulo Pineyro Suriya sharqida va Iroqda katta hududlarda o’rnashib olgan “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga e’tibor qaratadi. Jangarilar bu manzillarda yashovchi tinch aholi hayotiga tahdid solayotgani ravshan, deydi u.
“Islomiy davlat”ning Iroqdagi jadal olg’a siljishlari guruhning harbiy salohiyatini oshirdi. Jangarilar armiya bilan emas, balki Suriyadagi boshqa isyonchi guruhlar bilan olishayotganini ko’rayapmiz, deydi BMT mulozimi.
Xalqaro tashkilot xulosasiga ko’ra, jahon hamjamiyati Suriyadagi mojaroga birga yechim izlash yo’lida astoydil harakat qilmayapti. Murakkab bu masaladan yuz o’girishni afzal ko’rishdi.
Urush esa davom etayapti va har kuni yuzlab odamlarni hayotdan olib ketayapti. BMT hisob-kitobiga qaraganda, 2011-yil martida boshlangan ixtilofda 191 ming kishi jon bergan.
Xalqaro tashkilot Suriya armiyasini o’z nazoratidan chetdagi hududlarda aholi hayotini chidab bo’lmas darajada qiyinlashtirganlikda ayblab tanqid qiladi. Bu qamal qilinib, bombardimon qilinadi va yigit-o’g’illar yoppasiga qamoqqa olinadi.
BMT komissiyasi Xavfsizlik Kengashiga Suriyadagi urushni Xalqaro jinoiy sudga oshirishni tavsiya qilmoqda.