AQSh maxsus kuchlari Suriya sharqida "Islomiy davlat" ekstremistlar guruhining yetakchi qo'mondonini o'ldirgan.
Abu Sayyaf nomi bilan tanilgan bu shaxs qora bozorda neft va gaz sotib, guruh faoliyatini moliyalab turgan operatsiyalar uchun mas'ul edi, deya bildiradi Oq uy va Pentagon rasmiylari.
Tungi reyd Prezident Barak Obamaning ko'rsatmasi bilan Suriyaning al-Amr viloyatida o'tkazilgan. Abu Sayyafning xotini Iroqqa olib kelingan va hibsxonada saqlanmoqda. Uning odam savdosida qo'li borligi gumon qilinadi.
Reyd paytida "Islomiy davlat" guruhi qo'mondonining o'nlab soqchilari ham o'ldirilgan. Maxsus otryad a'zolari Iroqdagi harbiy bazaga omon qaytdi, deydi rasmiylar.
AQSh boshchiligidagi koalitsiya Iroq va Suriyada katta hududlarni bosib olgan ekstremistlar manzillarini bir necha oydan beri havodan bombardimon qiladi. Abu Sayyafga qarshi reyd haqida Suriya hukumati oldindan xabardor qilinmagan.