Breaking News

AQSh qo'lida Suriyadagi kimyoviy hujumga doir dalillar bor


Prezident Barak Obama Suriyada kimyoviy qurol qo’llangani haqidagi da’volar ketidan hali aniq javob bilan chiqqani yo’q. Biroq Amerika rahbari “tor, aniq chora” ustida o’ylanmoqda.

Prezident bugun Davlat kotibi Jon Kerrining chiqishidan so’ng bayonot berdi.

“Suriya diyoriga askar jo’natmoqchi emasmiz”, - dedi Obama Iroq va Afg’onistondagi bir necha o’n yillik urushlardan toliqqan jamoatchilikni tinchlantirar ekan.

Shu bilan birga, Qo'shma Shtatlar prezident Bashar al-Assadni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda. AQSh qo'lga kiritgan razvedka ma'lumotlari 21-avgust kuni kimyoviy hujumni hukumat kuchlari amalga oshirganini tasdiqlamoqda.

Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, o'sha kuni Damashq yaqinida 1429 kishi halok bo'lgan, 426 nafari bolalar. Suriya maxsus kuchlari hujumga puxta tayyorgarlik ko'rgani, hududni uch kun oldin borib ko'zdan kechirgani haqida dalillar bor.

"Raketalar qayerdan va soat nechada otilgani, hukumat nazoratidagi hududlardan muxolifat bosib olgan joylarga kelib tushganini bilamiz", - dedi Kerri.

AQSh razvedkasi Suriyaning yuqori lavozimdagi rasmiylari aholiga qarshi zaharli gaz qo'llashni muhokama etgan kommunikatsiya-muloqotni qo'lga kiritgan.

Suriya rahbari Bashar al-Assadni "qotil" deya ta'riflar ekan, Jon Kerri uning tuzumiga qarshi rejalanayotgan harbiy operatsiya tafsilotlariga to'xtalmadi. Shunisi ma'lumki, O'rta Yer dengizida harbiy kemalar hujumga shay turibdi.

"Amerika xalqi o'nlab yillik urushlardan charchagan, jumladan, men ham. Lekin bunday vahshiy jinoyatga ko'z yumsak, tarix bizni kechirmaydi", - dedi bosh diplomat.

Jon Kerri Amerika ittifoqchilar bilan maslahat qilib ish tutadi, deya urg'u berdi.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl ham bugun Manilada jurnalistlar bilan savol-javob qilgan. “Qator davlatlar o’z pozitsiyasini ochiq oydin bildira boshlagan. Hamkorlar va do’stlar bilan konsultatsiya davom etadi”, - deydi vazir.

Britaniya parlamenti quyi palatasi kecha har qanday harbiy amaliyot ehtimolini rad etib chiqqan edi. Qirollik Bosh vaziri Deyvid Kameron jangovar chora urush jinoyatlariga javobdir, Suriya hukumatining ag’darishga urinish emas desa-da, qonunchilar qarshi ovoz bergan.

“Birlashgan Millatlar Tashkilotida ushbu masalani qayta-qayta ko’tarib chiqishga tayyormiz. Britaniya a’zo barcha tashkilotlar diqqatini shunga qaratamiz, jumladan, Yevropa Ittifoqi, NATO, Katta Sakkizlik va Katta Yigirmalik e’tiborini. Suriyada sodir etilayotgan qo’rqinchli jinoyatlar qoralanishi shart”, - deydi Deyvid Kameron.

Germaniya qurolli aralashuv yo’lidan chekina boshlagan ko’rinadi. Fransiya prezidenti Fransua Olland nazarida Suriyada ommaviy qirg’in quroli qo’llangani jazosiz qolmasligi kerak.

Bu orada, Oq uy bugun kimyoviy hujumga doir razvedka ma’lumotini ommaga havola etishi mumkin.

Da’vo shundan iboratki, o’tgan chorshanba Damashq yaqinida ommaviy qirg’in qurolidan foydalanilgan va bir necha yuz odam nobud bo’lgan. Prezident Bashar al-Assad ma’muriyati bu ishga aloqasi yo’qligini, hamla isyonchilarning ishi ekanini ta’kidlaydi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyada kimyoviy xuruj alomatlarini tekshirayotgan xalqaro inspektorlar qaytmaguncha jahon ahlini qurol ko’tarmaslikka undayapti. Ekspertlar shanba Suriyadan chiqishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG