Breaking News

Turkiya: AQSh va Suriya kurdlarga yordam bermasin


AQSh va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Anqarada muloqot qildi, 16-fevral, 2018-yil
AQSh va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Anqarada muloqot qildi, 16-fevral, 2018-yil

Turkiya hukumati Qo’shma Shtatlardan Suriyada kurdlarni qurollantirishni bas qilishni so’ramoqda, Suriya hukumatiga esa turklarning kurdlarga qarshi amaliyotiga halaqit bermaslikni tavsiya qilmoqda.

Turkiya rasmiylariga ko’ra, Damashq mamlakat shimolidagi Afrin shahrida Turkiya armiyasidan mudofaa qilayotgan kurdlarga yordam sifatida qo’shinlarini yuborishi mumkin. Anqara chegaradagi hududlarda o’rnashib olgan kurdlarni o’ziga tahdid deb biladi.

Turkiya qo’shinlari bilan yelkama-yelka jang qilayotgan suriyalik isyonchilar kurdlarni Afrindan siqib chiqarishga harakat qilmoqda. Suriya armiyasi ularga yordamga borishi mumkin. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining aytishicha, shunday bo’lgan taqdirda turk qo’shinlari chora ko’rishga majbur bo’ladi.

“Agar Suriya hukumati qo’shinlarini Afrinni kurd jangchilaridan tozalash uchun yo’llayotgan bo’lsa, muammo yo’q. Ammo ularni himoya qilish uchun yubormoqchi bo’lsa, biz buning oldini olamiz”, - dedi vazir.

Bir vaqtlar Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan do’st bo’lgan Rajab Toyib Erdog’an bugun Suriya rahbarini o’ziga dushman deb biladi. Kurdlarni terrorchi deb biluvchi Anqara Suriya hududlariga da’vo qilmaymiz, kurdlarni chegaradan haydamoqchimiz, xolos, deydi. Kurd qismlari Afrinni “Islomiy davlat” jangarilaridan tozalaganidan so’ng shaharni tark etishdan bosh tortgan.

AQSh ularni qurollantirgani Anqarani g’azabga soldi. Amerika Davlat kotibi Reks Tillerson o’tgan hafta Turkiyaga tashrifi chog’ida mavzuni yumshatishga urindi.

“Bundan keyin maslahatlashib harakatlanamiz. Qurol ta’minotini to’xtatamiz. Aloqalarimizni taranglashtirayotgan muammolarni hal qilishga intilamiz”, - dedi u.

Tillersonning murosali bayonotlariga qaramay, dushanba kuni Anqarada AQSh elchixonasi joylashgan ko’chaga “Zaytun shoxi” degan nom berildi. Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti aynan shunday nomlanadi. Anqara Manbij shahrida kurdlarga yordam berayotgan amerikalik askarlarni ogohlantirdi.

“Agar AQSh bilan muloqotimiz natija bermasa, Turkiya chora ko’rishga majbur bo’ladi. Afrinni kurd terrorchilaridan tozalaganimiz kabi Manbijda ham shunday bo’ladi. Masalani muloqot orqali hal qila olamiz degan umiddamiz”, - dedi Turkiya bosh vazirining o’rinbosari Bekir Bozdag.

Kurdlar Manbijni ham “Islomiy davlat”dan ozod qilgan edi. Furot daryosidan g’arbda joylashgan strategik ahamiyatga ega bu shaharda bir vaqtlar arablar yashagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG