Breaking News

Suriyalik qochqinlar: Qanchalik qiynalmaylik, o'lim changaliga qaytmaymiz


Suriyalik qochqinlar qiynalmoqda lekin orqaga qaytmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:35 0:00

Suriyalik qochqinlar qiynalmoqda lekin orqaga qaytmaydi

Millionlab suriyaliklar turli davlatlarda sarson-sargardon. Ularning ayrimlari Qo’shma Shtatlarga kelib, yangi hayot boshlamoqda. Shu kungacha bu davlat bir yarim ming suriyalikni o’z bag’riga oldi, xolos. Hukumat bu son oshadi deya va’da qilmoqda.

Sakkiz yoshli Yasun Najar ingliz tilini endi o’rgana boshladi, lekin oilasi uchun u tarjimon, yangi jamiyatga ko’prik.

“Maktabda hammaga men inglizcha bilmayman deb aytdim. Lekin hozir yomonmas, gapirayapman, o’rganayapman”,- deydi u.

Otasi Obid Najar ancha qiynalayapti. Til bilmaydi. Lekin tirikchilik qilish kerak. Bolalarni maktabga olib borish kerak.

“Avtobusda boramiz. Dadam qayerga ketayotganimizni bilmaydi”,- deydi Yasun.

Obid Najar Suriyaning Hims viloyatidan. Quruvchi bo’lib ishlagan. Urush sabab uy va mulkini ortda qoldirib, oilasi bilan Iordaniyaga qochdi. U yerda to’rt yil yashadi. Sakkiz oy oldin maxsus dastur orqali Texasning Xyuston shahriga kelishdi.

“Amerika xalqidan minnatdorman. Oson emas, lekin harakat qilayapmiz. Hamma narsa begona, yangi”, - deydi ota.

Ota ish qidirayapti. Bolalarga pul kerak, tirikchilik qilish kerak.

“Har kuni izlayman. Ishga ololmaymiz sizni, deyishayapti, chunki til bilmayman”.

Xyustonda muhojirlar ko’p. O’zga tillar quloqqa chalinadi, masalan, ispan, xitoy va vyetnamcha. Arabcha biladiganlar esa juda kichik jamoa. Imkoniyat ham shunga yarasha.

Suriyaliklarning dardini tushunadiganlardan biri Umar Shishakli. 1997-yildan beri Amerikada yashaydi. Xyustonda suriyaliklar klubini tuzib, o’zaro yordam berishni yo’lga qo’ymoqchi.

“Madaniyat boshqacha. Qochqinlar dovdirab qolishi hech gap emas. Til bilmaysiz. Oilalisiz, bola-chaqa. Ularni boqish kerak. Atrof-muhit esa sizga begona”,- deydi faol.

Insonparvarlik tashkilotlari ko’maklashadi, lekin bu yetmaydi.

“Ular yordamlashadi, biroq sizni boqmaydi. Boshida sal madad ko’rsatadi. Keyin esa faqat o’zingiz”,- deydi Shishakli.

Vatanni qanchalik sog’inmang, qayta olmaysiz, deydi muhojir. Bolalar ham buni tushunadi.

“Suriyaga borsak, o’lib ketamiz”,- deydi Yasun.

Boshqalar singari bu qochqinlar ham yaqinlaridan tashvishda. Oldimizga kelishar, degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG