Breaking News

Tojikiston Afg’onistonga elektr ta’minoti va boshqa sohalarda ko'maklashyapti


Tojikiston Afg’onistonga elektr ta’minoti va boshqa sohalarda ko'maklashyapti
Tojikiston Afg’onistonga elektr ta’minoti va boshqa sohalarda ko'maklashyapti

Afg’oniston barqarorligi butun Мarkaziy Оsiyo rivoji uchun o’ta muhim ekanini tushungan Qo’shma Shtatlar region davlatlari bilan hamkorlikni oshirmoqda.

Qo’shnilar ham Afg’oniston terrorizm, ekstremizm va narkotiklar o’chog’i emas, balki taraqqiy etgan bozor va ishonchli hamkor bo’lishini istaydi.

Amaliy ishlarga kelsak, buni AQSh ko’magida Panj daryosida qurilgan va qurilayotgan ko’priklar, Qunduz va Dushanbe shaharlarida savdo yarmarkalari tashkil etilayotganida ko’rish mumkin.

Tojikiston Mudofaa vazirligi ayni damda afg’on zobitlari malakasini oshirishga yordam bermoqda, huquq-tartibot idoralari o’rtasida tajriba almashinuvi yo’lga qo’yilgan.

Tojikiston Afg’oniston bilan iqtisodiy, madaniy va savdo aloqalarini tobora rivojlantirib bormoqda.

“Afg’oniston bizga eng yaqin, eng uzun chegaraga ega qo’shnilarimizdan hisoblanadi. U yerdagi jangu-to’polonlar ta’siri qo’shni davlatlarga, jumladan Tojikistonda baralla sezilib turibdi”, - deydi Zohirjon Ergashev, o’zbek tilidagi “Ma’naviyat” mustaqil gazetasi bosh muharriri.

“Shunga qaramay, vaziyatni hisobga olgan holda Tojikiston tomondan Afg’onistonga bir qator yordamlar berilmoqda. Eng asosiy yordamlardan biri – elektr energiyasi ta’minoti yo’nalishidir. Ikkinchidan, Amerika davlati, Tojikiston hukumati ko’magida Panj daryosidan o’tkazilgan ko’priklar ikki qo’shni orasidagi aloqalarni mustahkamlashga ijobiy xizmat ko’rsatyapti. Kelajakda Tojikistonni rivojlanib borayotgan sanoat iqtisodi uchun bozorlar kerak bo’lgan paytda Afg’oniston geografik jihatdan muhim rol o’ynaydi, degan fikrdaman”, - deydi jurnalist.

Tojik ziyolisi Jamshid Hakimov afg’on tijoratchilari Tojikistonda savdogarlik qilayotgan bir paytda o’zlari ishsiz ekanini aytarkan, “chegara savdosi juda yaxshi tashkil etilgan” deydi.

“Xo’jand, Dushanbe bozorlarida afg’onlar kelib savdogarchilik qilishadi. O’zimiznikilarga esa ish yo’q. Rossiyada chetdan kelganlarga savdo qilish cheklangan. Nega biznikilar shunday qonun chiqara olmaydi?”, - deb so’raydi u.

Afg’on qochqinlari bir paytlar Tojikistonda minglab oilalarni tashkil etardi. Hozir ularning ko’pi Amerika va Yevropa mamlakatlariga jo’natib yuborilgan.

Tahlilchi jurnalisti Alisher Tolibga ko’ra, ikki mamlakat kuch tizimlari orasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda.

“Xavfsizlik qo’mitasi izolyatoridan qochgan 25 nafar mahkumlarning bir qismi afg’on zobitlari tomonidan qo’lga olindi. Tojikiston xalqaro terrorizm va narkotrfikka qarshi kurashda ham afg’on hukumati bilan hamkorlikda ish tutadi”, - deydi Tolib.

Zohirjon Ergashev Afg’oniston bilan ma’rifiy-ma’naviy aloqalarni rivojlantirish zarur deb hisoblaydi.

“Men birgina Mozori Sharif viloyatida ikki milliondan ortiq o’zbekzabon aholi bor deb eshitganman. Ikki davlat orasida ziyolilar - o’qituvchi, shoirlar, san’atkorlar, rassomlar, hunarmandlar, qaysi bir sohada bo’lmasin ijobiy ma’rifiy-ma’naviy aloqalarning bo’lishi nur ustiga nur bo’lardi deb ishonaman”.

O’zbek ziyolisi 1976 yilda Vaxshda ishlaganida, to’ng’ich qizi tug’ilganida Panj daryosidan o’tib Afg’oniston bozoridan beshik olganini eslaydi.

“U vaqtda chegaralar yo’q edi. Shu beshik hozir ham uyimda bor. Ana shunday bir ochiqlik, bemalol bordi-keldilar bo’lishini niyat qilamiz”, - deydi jurnalist.

Tojikiston oliygohlarida afg’on studentlarining ta’lim olishi ham o’zaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Yozuvchi va sobiq deputat Bobojon Ikromov fikricha esa Afg’oniston va Tojikiston o’rtasidagi aloqalar ko’ngildagidek emas.

“Bu ikki mamlakat o’zaro qo’shni va do’st, bir til va tarixga ega bo’lsada, afsuski, bugungi kungacha haqiqiy hamkorlik ko’zga tashlanmaydi. Buning ikki sababi bor. Asosiy sabablardan biri, har ikki davlat mahkamalari o’rtasidagi muloqotlarning ozligidir. Chunki mahkamalar orasida o’zaro mustaqil hal qilish mumkin bo’lgan juda ko’p masalalar bor. Lekin ikkinchi masala, Afg’oniston ham, Tojikiston ham dunyo moliyaviy inqirozidan katta zarar ko’rdi. Qudratli davlatlar, Amerika va Rossiya singarilar Amudaryoda GESlar hamda ikki qo’shni mamlakatni bog’lovchi temir yo’l, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilishiga haqiqiy yordam ko’rsatsinlar”, - deydi Bobojon Ikromov.

Uning nazarida Tojikiston Afg’onistonda turli korxonalarni rivojlantirishga hissa qo’sha oladigan potensialga ega.

“Ammo juda ko’p loyihalar qog’ozdagina qolib ketmoqda. Shulardan biri mintaqada ishga tushishi lozim bo’lgan Tojikiston-Afg’oniston-Eron hamkorligidagi telekanal edi”.

Ba’zi mahalliy tahlilchilar ikki davlat o’rtasidagi aloqalar uchinchi mamlakatlar ishtirokida emas, bevosita rivojlantirilishi zarur deb bilishadi.

XS
SM
MD
LG