Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi chop etgan hisobotda aytilishicha, asli dushanbelik 31 yashar Sayvali Shafiyev “Islomiy davlat” jangari to’dasining Afg’onistondagi qismiga qo’mondonlik qilmoqda. Salkam 200 kishilik guruh tarkibida Tojikiston, O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan jangarilar bor.
Shafiyev internetda tojik tilida targ’ibot ishlariga zo’r berib, Daish uchun tojik jangarilarini yollash bilan ham shug’ullanadi.
Tojikiston rasmiylarining aytishicha, Shafiyev va uning tarafdorlari yangi yollanganlarni Afg’onistonda tayyorlab, so’ng kichik sonli maxfiy terror guruhlarini yaratish uchun Tojikistonga yubormoqda.
Respublika milliy xavfsizlik xizmatiga ko’ra, “Islomiy davlat” tarkibidagi tojikistonliklar Shafiyevni Jalolobodiy deb chaqirishadi.
Daishning Afg’onistondagi sho’basi o’zini “Xuroson viloyati” deb ataydi. Xuroson tarixda zamonaviy Afg’oniston, Markaziy Osiyo va Eronni o’z ichiga olgan yirik hudud bo’lgan.
BMT hisobiga ko’ra, Shafiyev “Xuroson viloyati”ning Sho’ro deb nomlanuvchi rahbariyati tarkibiga kiradi.
Sayvali Shafiyev yoshligidan dinga katta qiziqish bildirib, 2011 yoki 2012-yilda islom dinini o’rganish uchun Pokistonga borib, xorijda kamida ikki yil yashagan.
2014-yilda “Islomiy davlat” Suriya va Iroqda katta hududlarni egallayotganida Shafiyev yana Tojikistonni tark etadi. O’sha paytda aynan nima bilan shug’ullangani aniq emas, biroq Tojikiston xavfsizlik xizmati mutasaddilariga ko’ra, u Turkiyaga chiqib, “Islomiy davlat” uchun targ’ibot qilgan.
Shafiyevning otasi o’g’li so’nggi ikki yilda u bilan aloqaga chiqmaganini aytadi.
Ma’lumotlarga ko’ra, Shafiyev Rossiyada mehnat qilayotgan tojik migrantlarini Daishga yollab keladi. Ularga bilet, viza, soxta pasport olib berib, harbiy tayyorgarlikdan o’tishi uchun Rossiyadan Afg’onistonga borishini ta’minlaydi.
Afg’onistonda ichki mojarolar davom etib, AQSh yetakchiligidagi koalitsiya jangarilarni havodan hujumga olar ekan, Shafiyevning taqdiri noma’lum.
Aprel oyida Tojikiston hukumati “Islomiy davlat”ga aloqadorlik aybi bilan Iroq qamoqxonalarida saqlangan tojikistonlik ayollarning 84 nafar farzandini mamlakatga qaytarishga muvaffaq bo’ldi.
BMT ma’lumotiga ko’ra, ayni damda Afg’onistondagi turli jangari guruhlar tarkibida 100 ga yaqin tojikistonlik bor.
Facebook Forum