Tojikiston-Qirg‘iziston chegara hududida vujudga kelgan mojaroli vaziyatga barham berildi. 36 mingdan ortiq tojiklar yashovchi Vorux qishlog‘iga transport qatnovi qayta tiklandi.
Hozirda Tojikiston shimolidagi So‘g‘d va Qirg‘iziston janubining Botken viloyatlari orasidagi vaziyat rasmiylar tomonidan birmuncha mo‘tadil deb aytilayotgan bo‘lsa-da, ayrim manbalar ahvolning keskinligini ta’kidlamoqda.
Mahalliy jurnalist Ravshan Qosimov vaziyatga quyidagicha munosabat bildiradi:
"Tojikistonning Isfara nohiyasi va Qirg‘izistonning Botken viloyati hududida, aniqrog‘i Tojikistonning Chorko‘h va Vorux qishloqlari oralab o‘tgan qirg‘iz yo‘li qurilishi boshlangani sabab qilib ko‘rsatilayotgan, orada odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan bu janjalli vaziyat eskidan saqlanib kelayotgan bir muammo. Men u yo‘llarni bilaman, bir necha bor borganman. 20 yildan ortiq bu chegaraoldi hudud masalasi hal etilmay kelyapti. Umuman olganda, Tojikiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida 300 kilometrdan ortiq chegara hududi haligacha uzil-kesil belgilanmagan. Bundan bir necha yil oldin ham aynan shu ikki qo‘shni viloyatlar chegarasida otishmalar bo‘lib, odamlar halok bo‘lgan edi. O‘shanda ham ikki respublika hukumatlari o‘zaro komissiya tashkil etgan, nimalargadir kelishilgan ham edi. Mana, bugungi qonli to‘qnashuvlardan ayon bo‘lib turibdiki, hech narsa oxirigacha kelishilmagan, muammolar berkitib
qo‘yilavergan.
To‘g‘risi, tojikistonlik bo‘lganim uchun mamlakatimiz sha’nini himoya qilib
nimadir demoqchimasman, aksincha, hozir hukumatimiz mahalliy
jurnalistlarimizni o‘sha hududga borishlariga yo‘l bermay xato qilmoqda. Mana, qirg‘iz jurnalistlari u yerdan bemalol xabarlar tarqatmoqda, videolavhalar berilmoqda, ba’zilari vahimali ham. Bu bizning birinchi xatomiz. Ikkinchi xato har ikki qo‘shni respublika rahbariyati uzoq yillardan beri saqlanib kelayotgan muammoni 10 yillardan beri hal qilmayotganida. Oddiy xalq uchun - na tojik, na qirg‘iz uchun to‘qnashuvlar kerak, xalq qon to‘kilishini istamaydi. Ayni bugungi sharoitda, qo‘shni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirib bormoqda, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon uni uka deb, quchoq ochgan, Markaziy Osiyo respublikalari orasida istiqbolli birlik ko‘rilayotgan bir pallada bunaqa mojarolarning qayta alanga olishi mintaqamizga katta tahdid sifatida ko‘rilishi kerak.
Biz bugun Markaziy Osiyo respublikalari orasida ahillik va birlikka harakat boshlanganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Yurtimizning buyuk kelajagi faqat birlikda, buni hamma tushunib turibti. Qandaydir kuchlar esa kichik
ko‘rilgan, vaqtida hal etilmagan yer-suv taqsimoti, chegara hududlari
belgilanishiga o‘xshash, shunaqa ortga tashlangan muammolardan millatlararo, davlatlararo ziddiyatlarni chiqarishi mumkin. Demak, g‘alamis harakatdagi kuchlar mavjud, bu aslo xalq emas.
Yevropaning o‘nlab davlatlari birlashib, yagona pul, yagona iqtisodiy hamkorlik, shaffof chegaralarga ega bo‘ldi. Nega endi biz birlashmasligimiz kerak? Sho‘rolar davrida chegaralarimiz qasddan shunday tuzib berilganki, agar bir-biridan ajralsa, bir-birini go‘shtini esin deganmi, nima balo?! Xullas, shunaqa! Shunaqa ekan, demak, yo‘l bitta - bu ham tarqoqlik tomon emas. Ko‘rpani hamma o‘ziga tortmasligi kerak, yagonalik, konfederatsiyami, federatsiyami, ishqilib, Markaziy Osiyo respublikalari birlashishini sharoit taqozo
etmoqda, mintaqa tinchligi uchun man boshqa yo‘lni ko‘rmayman", - deydi tojikistonlik jurnalist Ravshan Qosimov.
So‘g‘d viloyat o‘zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom
Yusupov yuqoridagi fikrlarga o‘xshash holatlar sobiq sho‘rolar yurtining boshqa
respublikalarida ham mavjudligini esga olar ekan, qo‘yidagilarni so'zladi:
- Markaziy Osiyodagi yer masalalari hammaga ma’lum, davlatlar orasidagi
chegaralarni aniqlash bo‘yicha hozirgacha huquqiy asos yo‘q deb o‘ylayman.
Chunki, bir taraf o‘tgan asrning 20-yillarini ko‘rsatsa, boshqasi 30-yillarni
ko‘rsatadi. (O‘sha yillarda tuzilgan xaritalar nazarda tutilmoqda - muallif) Lekin
faqatgina bugungi kun bilan yashamaslik kerak. O‘zimizdan keyingi avlodlarga
ma’lum imkoniyat, aniq bir murosali yashash imkoniyatlarini yaratib berishimiz
lozim. Hozir esa, to‘g‘risini aytganda, chegara masalalarida murosa qilyapmiz
xolos, bu vaqtinchalik holat degani. Mening shaxsiy fikrimcha, bu murosaga
katta bir nufuzli tashkilotlar kafolat-garant bo‘lishi kerak. Kafolat bo‘lmasa, muammolar chiqaveradi. Fikrimcha, Markaziy Osiyodagi barcha chegaralarni delimitatsiya qilishlariga BMT vakillarimi, qo‘pol bo‘lsayam, garant sifatida Amerika tashkilotlarimi yo NATO tashkilotimi, bular aniq nuqta qo‘yib berishi kerak. Aytayapmanku, bu masalalar bugungi kunda faqat murosa sifatida
turibdi, xolos. Bunday holatlar sobiq Sovet Ittifoqining turli o‘lkalarida uchraydi.
Masalan, Ozarbayjon-Armaniston orasida Tog‘li Qorabog‘ masalasi yoki
Janubiy Osetiyaning Rossiyaga qo'shib olingani, Kuril orollari mavzusining
haligacha hal bo‘lmaganligini aytish mumkin. Yoki aytaylik, Rossiya Qrimni bu
bizniki, deb o‘z hukmini o‘tkazmoqda, Ukraina esa bizniki, deb turibdi. Aniq bir
hujjat bo‘lmagani uchun shunaqa muammolar kelib chiqyapti. Lekin bu
muammolarni aniq hal qiladigan huquqiy asosni belgilab qo‘yish kerakki, bu
vaqtincha murosa bo‘lmasligi kerak. Markaziy Osiyoning tarixi juda murakkab,
agar tarixga nazar soladigan bo‘lsak, mening fikrimcha, eng oqilona yo‘l - butun
mintaqa birlashishi zarur, ota-bobolarimiz tuzumini yo‘lga qo‘yish kerak.
Markaziy Osiyo birligi yo‘lga qo‘yilmasa, o‘n yil bo‘lar, yuz yil bo‘lar, yana eski ginalar ko‘tarilib kelaveradi. Buni mintaqa prezidentlari ham to‘g‘ri anglagan holda Markaziy Osiyo bir tan-bir jon bo‘lib ketganligini tasavvur qilgan holda Markaziy Osiyo birligiga harakat qilishlari kerak. Bu tuzum qanday bo‘ladi, qaysi yo‘sinda qanaqa qilib boriladi, buning oqilona yo‘lini izlab topish mumkin deb o‘ylayman", - deydi xo‘jandlik o‘zbek olimi Ilhom Yusupov.
Tojik-qirg‘iz chegara hududida har ikki qo‘shni respublika bosh vaziri
o‘rinbosarlari Jenish Razaqov (Qirg'iziston) va Azim Ibrohim (Tojikiston) boshchiligidagi hukumat a’zolaridan iborat komissiya ish yuritib, to‘qnashuv aybdorlarini topib javobgarlikka tortish va kelib chiqqan to‘qnashuv sabablarini bartaraf etish to‘g‘risida kelishuv shartlarini muhokama etishdi. Har ikki tomon mahalliy aholisi orasida isyon kayfiyati ancha bosilgan.
Muzokaralar yakunida chegarada vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha protokol imzolangan. Unda "Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdiq" yo‘lida qurilish ishlarini davom
ettirishga kelishilgan. Chegara hududlaridagi transport aloqalari avvalgidek to‘liq qayta tiklanishi ham ta'kidlangan.
Jenish Razaqovning bergan bayonotiga ko‘ra, protokol ikki mamlakatning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda imzolandi.
"Yo‘llar bugun ochildi va hech qanday postlar bo‘lmaydi. Ikki mamlakat
fuqarolari ham to‘siqlarsiz o‘taverishadi. Fuqarolar uchun zarur bo‘lgan yo‘llar
qurilishini davom ettirishga kelishdik. Eng asosiysi - o‘zaro tushunib,
manfaatlarni hisobga olib, bir qarorga keldik", - dedi u.
Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shma tergov guruhi chegaradagi vaziyat oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni davom ettiridi.
"Biz prokuraturaga aybdorlarni topishni buyurdik. Negaki, odamlar o‘ldi, har birining orqasida uchtadan bolasi qoldi. Bu achinarli holat. Kelajakda bunday
ishlar qaytalanmasligi kerak. Shu sababli aybdorlar topiladi va jazolanadi, - dedi
Azim Ibrohim.
Ikki qo'shni mamlakat o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan asosiy masala qo‘shni qishloqlar orasidagi chegara maydonlari bo‘lib, chegara uzunligi 976 kilometrni tashkil etadi. Shundan 504 kilometri demarkatsiya va delimitatsiya qilingan, xolos. Tojikistondagi ba’zi manbalar Qirg‘iziston bilan o‘rtada hali bahsli sanaluvchi o‘ttizdan ortiq turg‘un hududlar borligini ta’kidlab keladi.
Facebook Forum