Xalqaro tashkilotlar nazarida Tojikistonda so’z va matbuot erkinligi bobida ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Respublikada 400 dan ortiq rasmiy va norasmiy nashrlar bor. Mustaqil elektron axborot vositalari soni esa 50 dan ortiq.
Lekin jurnalistlar ustidan o’tkazilayotgan sud jarayonlari, ayrim internet saytlarining hanuzgacha yopiqligi tashvish uyg’otadi.
Tojikistondagi mavjud mustaqil nashrlar va elektron axborot vositalari keyingi yillarda juda tez rivojlanmoqda. Ularda ba’zan ochiq, ba’zan pardalab bo’lsa-da, siyosiy mavzular birmuncha erkin talqin etiladi.
Lekin bir qancha saytlar qariyb bir yildir-ki berk. Matbuotda yarim ochiqlik kuzatilsa-da, radio va televideniye qattiq nazoratda. Jurnalistlar ustidan mahkama jarayonlari bo’lib turadi.
Muhandis Sabohat Olimova nazarida, Tojikistonda so’z erkinligi mavjud emas.
“Negaki, ochiq so’zlashga xalqimiz qo’rqadi. Shu qo’rquv tufayli xalq o’z maslak va fikrlarini ochiq so’ylay olmaydilar”.
Tojikiston maorif va matbuot a’lochisi, tajribali pedagog Abdurashid Burgutov matbuotda xalq uchun foydali chiqishlar tarafdori.
"She'rmi, maqolami, xalqqa ma’naviy ozuqa bera olsa, men to’rtinchi hokimiyat haqiqatdan ham ishlayapti deya olaman",- deydi u.
Burgutov fikricha, [Bi-Bi-Si muxbiri] O’rinboy Usmonov singari jurnalistlar ustidan o’tgan sud jarayonlari ijodkorlarni cho’chitish uchun qilingan ish.
“Jurnalistlarning boshini silab turuvchi rahbarlaringiz bo’lsa, ular davlat qonun-qarorlarini bedanadek, bulbuldek sayrab, xalqqa yetkazib turadi. Inson dilidagi narsani bemalol ayta olishi - erkinlik. Ba’zi jurnalistlar biror narsani yozsa, o’ylanib qoladi, jur’ati yetmaydi. Shuning uchun o’ziga ishongan holda yozib, isbot qilishga harakat qilishi kerak. Ichki senzura yo’q deb ayta olmayan, bu narsani yashirishni hojati yo’q”, - deydi Burgutov.
Мarkaziy Оsiyoda bir qancha kitoblari chop etilgan qirg’izistonlik o’zbek shoiri Avliyoxon Eshon ijodkorlar orasida shoirlargina har doim erkin bo’la bilgan desa-da, ba’zi masalalarda gapirishni istamaydi.
“Shoirlarning fikri har qanday tuzum va sharoitga qaramaydi. Shoir baribir hech qachon o’zini qayta qura olmaydi, chunki uning o’z dunyosi bor, dunyo ichida o’zini bir olami bor. Ana shu jihatdan hur fikrlilik doimo shoirlarning tamal toshi hisoblanadi”, - deydi u.
Hur fikrlilik borasida qancha desangiz sher o’qib beraman, lekin sudlanayotganlar haqida menga savol bermang, bo’ldi, bas, deya qo’shadi shoir.
Shunday holat mavjud ekan, tojik ziуolisi Sаbohat Olimovaning so’zlarida jon bordek ko’rinadi. Ba’zan gaplarimni aytay deyman-u, yana uch farzandimni o’ylayman, deydi u.
“Xalq orasida shunaqa gaplar bor-ki, dilingdagi gaplarni aytsang, xonadoningdan g’oyib bo’lasan deyishadi. Axir siyosatchilar kelib, olib ketib qolishlari mumkin-da…”.
Ismini bildirishni istamagan yana bir ziyoli so’zlariga ko’ra, "biz qachonki o’zimiz saylagan rahbarni o’zimiz ishdan bo’shata olsakgina, ozod va erkinmiz deya olamiz".