Breaking News

Tojikiston xalqi o’tayotgan yildan minnatdor, yangisidan umidvor


2014 yil, Tojikiston ziyolilari nazarida, respublikaning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raisligi, oliy o’quv yurtlariga milliy test asosida qabulning boshlanganligi, poytaxt Dushanbening 90 yillik yubileyi va jumhuriyat janubida ulkan to’qimachilik kombinati qurilishi boshlanganligi bilan yodda qoladi.

Yakunlanayotgan yil Tojikistonda obod yo’llar yili deb e’lon qilingan edi. 3000 kilometrga yaqin yo’llar ta’mirlandi yoki asfaltlandi.

2014-yil oxirida prezident Emomali Rahmon tug’ilib o’sgan Dang’ara nohiyasida 60 ming ish o’rniga ega to’qimachilik kombinati qurilishi boshlandi. Unga qariyib 2 milliard somoniy sarflanadi. Kombinat ishga tushgach, davlat byudjetiga soliq hisobidan yiliga 10 million somon daromad tushadi. Kombinatni yuqori sifatli paxta tolasi bilan ta’minlash maqsadida Xatlon viloyatida qo’shimcha 15 ming gektar yangi yerlar o’zlashtirilishi, ishchilar uchun barcha sosial tarmoqlar yaratilgan ko’p qavatli turar-joy binolari ham qurilishi mo’ljallangan.

Bu bilan hukumatining Tojikitonni agrar respublikadan industrial – agrar jumhuriyatga aylantirish loyihasiga tamal toshi qo’yildi.

Tojikiston yengil sanoati rivojiga asos bo’luvchi kombinat ishga tushsa Dang’arada yiliga 15 million metrdan ortiq gazlama ishlab chiqariladi. Korxonani xomashyo bilan ta’minlovchi yangi paxta maydonlari uchun AQShdan yuzlab zamonaviy texnik uskunalar, traktor va ehtiyot qismlar keltiriIgan.

Amerika texnologiyalari asosida yangi yerlarda gektaridan 70 sentnergacha paxta hosili olinishi rejalanmoqda.

Respublika janubidagi industrial loyihalarda Italiya, Shveytsariya va Xitoyning hissasi katta.

Ayni kunlarda Tojikistonning barcha shahar va nohiya markazlarida yangi melodiy yil sharafiga bayram tadbirlari o’tkazilmoqda, yoshlar ommaviy tadbirlarda faol.

Mutaassib yoshlar melodiy yangi yilni nishonlashni kufr hisoblab, farzandlarini ham quvonchli tadbirlarga ishtirokini man etish hollari yo’q emas.

Tojikiston dindorlari va mamlakat hukumatdorlari o’rtasida 2014 yil jumhuriyat yoshlarining Iroq va Suriyada jangari islomiylar armiyasiga harbiy harakatlarda ishtirok etayotganligi fakti salbiy munosabatlar uyg’otdi.

Ukrainaga daxolati sabab Rossiyaga nisbatan G’arbning iqtisodiy sanksiyalari oqibatini Tojikiston xalqi yil oxirlariga kelib o’zida his etmoqda: bozorlarda narx-navo qimmatlashgan, mehnat muhojirlari ishlab topgan pul qurbi keskin pastlab bormoqda, buning ortidan milliy pulning ham dollarga nisbatan qadri tushgan.

Chiroqsiz uzun sovuq tunlar, yirik amnistiyadan so’ng takroriy jinoyatlarning ko’payishi, qimmatchilik bardoshli xalqni yana sinayotgandek.

2015-yilda Tojikistonda Oliy Majlis quyi va yuqori palatalari va mahalliy Majlislarga saylovlar bo’lib o’tadi.

Yangi yil oldidan hukumat topshirig'i bilan barcha shaharlar markazlarida arzon qishloq xo'jalik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etilmoqda.

XS
SM
MD
LG