2016-yilda oddiy odamlar nazarida Tojikiston hayotida biror-bir xotirada qoluvchi voqea bo’lmagandek. Holbuki, respublika miqyosida olib qaralsa, esda qolarlik ancha-muncha narsalar bor. Shunchaki, odamlar siyosiy hayotga farqsiz, shaxsiy muammolar bilan band bo’lib qolganlar. Chunki, ishsizlik va qashshoqlik tobora ko’p odamni o'z domiga tortmoqda.
Nafaqadagi o’qituvchi Zuhro opa faqat shaxsiy hayotida o’tgan voqelarni eslaydi, mamlakat miqyosidagi biror voqea yodida qolmagan.
"O’tgan yil men uchun yomon bo’ldi, yaxshiligini eslolmayman. 2017-yilda esa orzum haj safariga borish", - deydu keksa o’qituvchi.
Sharqshunos Tilav Rasulzoda nazarida qo’shni respublikadagi o’zgarishlar vataniga ijobiy ta’sir o'tkazdi.
"Dekabr oyi boshlarida O’zbelistonda yangi prezidentlik saylovi bo’lib o’tdi, shundan katta umidlar qilmoqdamiz. Yangi yil oldidan O’zbekistondan yuqori martabali davlat rahbarlari Dushanbega kelib, ikki taraflama amaliy muloqotlar o’tkazishdi, bu biz uchun juda katta voqea. Mintaqa muammolari bilan shug’ullanuvchi mutaxassis sifatida buni nafaqat Tojikiston, balki, butun o’lka uchun ahamiyatli voqea deb hisoblagan bo’lardim. Umid qilamanki, yangi yilda oradagi eski gina-kudratlar unutiladi, shunday ham bo’lmoqda. Eng muhimi ham mana shu",- deydi Tilav.
Tojikiston: 2016-yil nima qoldirdi-yu, 2017-yildan nima umid? Blogimiz bilan tanishing.
Ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev ham respublika hayotida 2016-yildagi o’zgarishlarni tilga olarkan, O’zbekiston bilan aloqalarning rivojlanishini o’ta muhim deb biladi.
"Bahor oyida o’tkazilgan referendumda prezidentimizning millat peshvosi, tinchlik va milliy totuvlik asoschisi sifatida e’tirof etilishi birinchi o’rinda xotiramda qoldi. Yil oxirlarida O’zbekiston bilan aloqalaning iliqlashib, rivojlanish bosqichiga o’tishini men juda ahamiyatli va o’ta muhim voqea deb hisoblagan bo’lardim. Yangi yilda esa buning amaliy natijalarini ko’ramiz deb umid qilaman, hozir vaziyat shundaydki, mintaqa davlatlari birlashadigan vaqt keldi", - deydi Yo’ldoshev.
Xatlon viloyatidan injiner Ziyojon Xoshmatov O’zbekiston siyosatidagi o’zgarish Tojikiston uchun yaxshilik alomatidir, deydi.
"2016-yil Tojikistonga ko’p yaxshiliklar keltirdi. Birinchisi shuki, O’zbekiston bilan aloqalarimiz yaxshilanmoqda, biz uchun bu judayam quvonarli hol, eng yaxshi gap mana shu. Ikkinchisi shuki, Vaxsh daryosi o’zani to’silib, Rog’un GESi to’g’oni qurilishi boshlandi, bu ham muhim. Yangi yilda esa barcha orzularimiz hosilini ko’ramiz deb umid qilaman",- deydi muhandis.
30 yoshli Amirxon Rabbimoz garchi ziyoli, ancha zukko bo’lsa ham, tengdoshlari orasida qattiq taqvodorligi bilan ajralib turadi. Yangi yil bayramini u harom hisoblab, xonadonida nishonlashni ta’qiqlagan. Boshqalarga ham oy’in-kulgidan tiyilishlikni maslahat beradi.
"Islomda ko’rsatilmagan har qanday bayram bizga harom qilingan", - deydi u qat’iyat bilan.
U hatto xotini va qizalog’ini tengdoshlaridan ajratib olgan. Otasiga qarshi borib, onasini bozor oralatmaydi.
Mahalliy ziyolilar deydiki, bu kabu mutaassib yoshlar respublikada yil sayin ko’payib bormoqda.
Jurnalist Bahodir O’roqov:
"O’tgan yil shaxsiy hayotimda g’oyat esda qolarlik bo’lgan bo’lsada, xavfsizligi men uchun muhim hisoblangan respublikamiz hayotidan biror-bir muhim jihatni yodga olomayman. O’tish davrini boshidan kechirayotgan Tojikistonimiz uchun korrupsiya rivoji va yoshlarning turli oqimlarga qo’shilishi ko’paygani meni tashvishlantiradi. Yaxshi narsa yaxshi, ammo biz avval yomonini ko'rishimiz va ildizini quritishimiz zarur. Maqtovlar bilan vaqt o’tkazish o’zimizga zarar keltiradi", - deydi O’roqov.