Breaking News

Tojikistonda muxolifat prezident saylovlarini boykot qilmoqchi


Emomali Rahmon, Tojikiston prezidenti
Emomali Rahmon, Tojikiston prezidenti
Chorshanba kuni Tojikistonda prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Mamlakatni 1994-yildan beri boshqarayotgan Emomali Rahmonning yangi yetti yillik muddatga saylanishiga na mahalliy va na xorijiy mutaxassislar shubha qiladi. Muxolifat saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda.

Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida faoliyati ruxsat etilgan islomiy partiya mavjud yagona respublikadir. Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi uzoq tarixga ega. Amaldagi prezident Emomali Rahmon boshchiligidagi hukmron Xalq demokratik partiyasidan keyin ikkinchi o’rinda turadi.

Jorj Meyson universiteti olimi Erik Makglinchining aytishicha, mamlakatda islom diniga moyillik, qiziqish kuchayganiga qaramay Islom uyg’onish partiyasi so’nggi yillarda sezilarli yutuqqa erisha olmagan.

"Partiya 1997-yildan beri uchta parlament saylovlarida ishtirok etgan bo’lsa, barchasida 10 foizdan kam ovoz to’plagan. Qizig’i shundaki, partiya islomiy bo’lgani bilan hokimiyatga kelsa, mamlakatda dunyoviy tizimni o’zgartirish rejasi yo’q".

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aholi orasida e’tiqod qiluvchilar soni oshgani bilan ularning aksariyati ham tuzumni o’zgartirish fikridan yiroq.

Tahlilchiga ko’ra, islomiy partiya ham, hukumat ham dindorlar ko’nglini behuda ovlashga harakat qiladi. Bunga sabab, deydi Erik Makglinchi, mamlakatda rasmiy diniy idoralar hamda Islom uyg’onish partiyasining nufuzi past. Ular dolzarb muammolarni jamoatchilik muhokamasiga olib chiqishga botina olmaydi, aholini asosiy xizmatlar bilan ta’minlashda ojizlik qiladi. Norasmiy islomiy guruhlarning xalq orasida obro’si yuqoriroq, deydi olim.

Pensilvaniya davlat universiteti doktoranti Azita Renjbarning aytishicha, Tojikistonning aksariyat hududlarida markaziy hukumatning borligi bilinmaydi. Muxolifat zaif bo’lgani bilan uning borligi muhim, deydi Renjbar.

"Muxolif arbobning idoraga saylanishi unchalik ahamiyatli emas. Muhimi uning dolzarb mavzularni omma muhokamasiga olib chiqa bilishi", - deydi yosh olima.

Azita Renjbar Islom uyg’onish partiyasi va Tojikiston Sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod sifatida ko’rsatilgan Oynihol Bobonazarovani ana shunday arboblardan deb biladi. Biroq Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, Bobonazarova ro’yxatga olinish uchun zarur 210 ming imzoni to’play olmagan.

Tahlilchi Azita Renjbarning aytishicha, Oynihol Bobonazarova g’alaba qozona olmagan taqdirda ham uning dasturi jamiyatda keng munozaraga yo’l ochardi.

"Bobonazarova markazlashgan hukumatdan voz kechishni taklif qildi. Ya’ni har bir viloyat o’z rahbarini o’zi saylaydi. Hozircha prezident hammani hatto mayda lavozimlarga o’zi tayinlaydi. Arbob dasturida korrupsiyaga qarshi kurash, axborot olish va adolat topish kafolatlari bor edi", - deydi Azita Renjbar.

Bobonazarovaning ro’yxatga olinmaganidan norozi Sotsial-demokratik partiya saylovlarni boykot qilishga chaqirmoqda.

Mustaqil kuzatuvchilar fikricha, Tojikiston aholisi prezident Emomali Rahmonni Rog’un gidroelektrostansiyasi qurilishi loyihasidan boshqa mavzularda qo’llab-quvvatlamaydi.

Tahlilchi Vladimir Fedorenkoning aytishicha, loyiha Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi siyosiy tortishuvlar sabab to’xtab turibdi.

"Iqtisodiy masalaga siyosiy tus berildi", - deydi ekspert.

Erik Makglinchi nazarida Rahmonni tushunsa bo’ladi.

"Rog’un masalasini siyosiylashtirmay bo’ladimi? Axir Rahmonga aholi tomonidan kuch bag’ishlayotgan yagona mavzu-ku bu. Bu uning birdan-bir qonuniy mafkurasi, xalq uni faqat shu masalada qo’llab-quvvatlaydi", - deydi Makglinchi.

Tojikistonning AQShdagi elchisi Nuriddin Shamsovga ko’ra, 6-noyabrga belgilangan prezident saylovlarini Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan 350 dan ziyod mutaxassis, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropa Parlamentidan qator kuzatuvchilar hamda 20 mingdan ziyod mahalliy faol nazorat qiladi.

Biroq tahlilchi Erik Makglinchi nazarida g’olibning oldindan kim bo’lishi ayon bo’lgan jarayonda qancha kuzatuvchining ishtirok etishi muhim emas.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG