Breaking News

Tojikiston: Ekstremizmga qarshi kurash haqida jamoatchilik nima deydi?


Xo'jand, Tojikiston
Xo'jand, Tojikiston

AQSh Tojikiston bilan terrorizm, ekstremizm va qoradori savdosiga qarshi kurashda hamkorlik qilib keladi. 2016-yilda bu maqsadda mintaqaga 50 million dollarning asosiy qismi Tojikistonda sarflangan. Jamoatchilik orasida bugungi vaziyat qanday talqin qilinadi?

Shimoliy Sug’d viloyatining Isfara va Spitamen nohiyalaridan terroristik tashkilotlarga qo’shilganlarning ko’payib borayotganligi sabab mahalliy hukumat o’rta maktablar va qishloq jamoatlari orasida maxsus tadbirlar o’tkazmoqda.

Spitamen nohiyasining mafkura bo’limi mudiri Hafizullo Rajabov ekstremist oqimlarni asr vabosi deb ataydi.

Oxirgi yillarda nazorat birmuncha sustlashdi, deydi u.

"Janobi Oliy prezidentimiz Emomali Rahmon butun dunyoga ma’lum qildilarki, bu oqimga musulmon xalqi sherik emas. Bu oqim islom dini nomidan chiqadi-yu, uning nomini qoralaydi. Bular qo’rqitish, portlatish, o’zini o’ldirish, birovlarga zo’rlik niyatida ish olib borib, go’yoki xalifatlik tuzish maqsadlarida ish yuritadi. Shuning uchun bundan to’g’ri xulosa chiqarib, bizning daxldor tashkilotlar: Spitamen nohiya hukumati, xavfsizlik, prokuratura, ichki ishlar bo’limlari birgalikda reja tuzib, allaqachon 16-fevraldan nohiyadagi 31 maktabning hammasida jinoyatga qo’l urish,turli oqimlarga qo’shilib ketish, o’g’riliklar oldini olish maqsadida ota-onalar bilan birgalikda tushuntirish ishlari olib borildi",- deydi rasmiy.

"8-apreldan boshlab nohiyadagi beshta qishloq jamoatlarida 250-300 nafar odam ishtirokida alohida, maxsus chora-tadbirlar o’tkazildi. Jumladan, ko’proq e’tiborga muhtoj Istiqlol, Tag’oyak, Kurush qishloq jamoatlariga takror va takror diqqat qaratilmoqda. Lekin, farzandlarimiz bilim saviyasi, mafkurasi pastligi sabab ba’zilar turli oqimlarga qo’shilb ketmoqda. Bular qanday insonlar? Bular maktabda yomon o’qigan, biron hunar egasi bo’lmagan, hech narsani tushunmaydigan fanatiklar. Bunday insonlarni deylik, ayg’oqchilar bor. Ular shunday chiroyli, aqlli ish tutib borishadiki, o’zlari ularning domiga tushib qolganlarini bilmaydi. Lekin u yerga kirganlarinig oqibati yomon: o’lim yo tarki vatan, tarki dunyo, boshqa iloji yo’q",- deydi Rajabov.

Shu nohiyadagi 4-maktab direktori Maqsatoy Boltaboyeva Suriyaga yo’l olganlarni nonko’r deb hisoblaydi.

Maktabda ota-onalar bilan o’tkazilgan umumiy yig’ilishda so’zlagan o’qituvchining rasmiy ma’lumotlarga tayanib aytishicha, Suriyaga nohiyaning Kurush qishlog’idan 8, Nov jamoatidan 6, Tog’oyak qishlog’idan 20, Oqteppa qishlog’idan 6 kishi ketgan.

"Bularning hammasi - nonko’rlik. Suriyaga borib, qaytib kelolmagan, hatto o’ligini olib kelolmayotgan ota-onaning farzandi uchun aza ochishga ham imkoni yo’q, buni aytishning o’zi uyat. Ota-ona hatto mani bunday farzandim yo’q deb voz kechmoqda",- deydi Boltaboyeva.

Muallima chet eldagi ekstremistik oqimlarga Tojikiston fuqarolari Rossiya orqali qo’shilib ketmoqda, deydi. Uning fikricha, tinch va osoyishta mamlakatning o’zida ham umrguzaronlik qilish mumkin.

"Rossiyaga 3-4 yil borib-kelganlarni ko’rsangiz aytishadiki, Rossiyada yashash mazza! Hech qachon Rossiyada yashash mazza emas! Mayli, sharoit ko’tarmabdi, erkak kishi qayerda bo’lishidan qat’i nazar, ishga bordimi, ayol kishi uyda bo’lsin. Hatto bolasini olib, chetga ketish, bu - nonko’rlik. Haqiqiy ona hech qachon farzandini chetga olib ketmaydi. Shunchalik zamonda bolasini o’qitmay turib, farzandini Rossiyaga deb Suriyaga ketish, o’sha odamning davlatimizga xiyonati! Qarang, maktablar soni o’ttiz ikkita, machitlar esa o’ttiz oltita! Davlatimiz shunchalik sharoit yaratib bergan, bu degani sen Suriya yoki boshqa islomiy davlat uchun odam tayyorlab ber degani emas-ku?! Nimaki bo’lsa ham harakat qilishimiz kerak, onalar uyida qolsin. Suriyaga yoki Iroq, Eron, Afg’onistonlarga o’tib ketish to’g’ri kelmagan narsa", - deydi maktab direktori.

Tojikistonlik jamiyatshunos Valentina Doronina tahlilicha, ekstremizmga qarshi kurashda davlat chegaradan chiqib ketmoqda.

"Rasmiy hukumat ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bahonasida oddiy fundamental islomni iskanjaga olmoqda. Mamlakat o’zi musulmon mamlakati. Aholining 99 foizi musulmonlar. Besh vaqt namoz o’qib, soqol qo’yganlarning hammasi ham ekstremist emas. Ta’qib va zo’rlik o’tkazish, hammani bir g’alvirga solish, umuman xato yo’l. Masalaga bunday yondashuv rasmiy hukumatga nisbatan nafrat va g’azabni oshiradi. Ish teskari natija berishi, oddiy dindorlar ham radikallarga aylanishi mumkin", - deydi Valentina.

Bir qancha ovozador mahkama jarayonlarini ko’rib chiqqan advokat Fayziniso Vohidova bu masalada Tojikistondagi ba’zi bir sud ishlarini tanqid ostiga oladi.

"Gunohkor bo’lmagan shaxsni bugun sud uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etarkan, u hukumat idoralari va alohida mansabdor shaxslardan nafratlanadi. Ularning har birining kamida 50-60 nafar qarindoshi bor, ana ko’ringki, qisqa muddatda hukumatga yana qancha muxolif paydo bo’ladi", - deydi advokat Vohidova.

Jismoniy tarbiya o’qituvchisi Rayimjon Tojimurodov yoshlarni qiziqtirish, band etish yo’li bilan har xil to’dalardan asrash, ularning o’zi xulosa chiqara oladigan darajada bilimli bo’lishi tarafdori.

"O’spirin bolani band etish zarur, sport seksiyalari, to’garaklarga jalb etish kerakki, o’sha bola bo’sh qolmasin. Ikkinchidan, bola kitobdan uzoq bo’lib ketgan, bolani kitobga yaqinlashtirish zarur. Hamma maktablarda, qishloq jamoatlaida, rayonda kutubxona bor, shu kutubxonalarni zarur kitoblar bilan ta’minlash kerak. U yerda kitob ta’minotini bir marta ko’rib chiqib, nafaqat klassika bilan, yoshlar zamonaviy kitoblarga qiziqadi, ana shunday kitoblar bilan ham to’ldirish lozim. Chunki kitob fikrlashga o’rgatadi, aqlini peshlaydi. Kitob biror narsa haqida xulosa chiqarishga o’rgatadi. Yosh o’spirin bolalar xulosa chiqarishni o’rgansa, u har qanday oqimning oldida turganda oldin o’zi xulosa chiqarib, u yaxshi-yomonligini keyin ajratadi. Kitob o’qimagan o’spirin oqu-qorani ajratolmaydi", - deydi o’qituvchi.

XS
SM
MD
LG