Breaking News

Bahor keldi... Tojikiston bozorlaridan fotolavha


Bahor eshik qoqib ko’klam kelarkan, erta bahor nafasi Tojikiston bozorlariga ham ufurgandek. Xo’jand hunarmandlari uchun mahalliy hukumat shaharning qadimiy Panjshanbe mazesidagi eski bozor yonida alohida rastalar bunyod etgan. Ularga qo’shimcha ravishda yana bir yangi usti yopiq rasta ham qurilmoqda.

Hunarmandlar rastasi qadimiy O’ratepa, Zarafshon va vodiy hunarmandlari qo’lidan chiqqan turli ro’zg’or buyumlari bilan to’la. Lekin bu yegirma yil oldingi bozor emas. Otaxon va onaxonlar Samarqanddan keltirilgan non va anjirlar, Toshkentning qazisi, Marg’ilonning luchchak shaftolisi, Urgutning mayizu qoqilari rastani to’ldirgan kunlarni mahzunlik bilan eslashadi.

Xo’jandda hozir Farg’onaning Oltiariq tumanida yetishtirilgan shirin suvli turpu bodringlar, Mirzacho’lning obinovvot qovunlari ahyon-ahyon ko’zga tashlanadi. Lekin chegara nohiyalari, albatta, bundan mustasno.

Bu yerda qo’shni O’zbekistondan keltirilgan dehqonchilik mahsulotlarini har doim topish mumkin. Hatto ikki qardosh davlat orasidagi vaziyat eng taranglashgan paytda ham o’zaro bozor aloqalari to’xtamagan.

Chegaralar qanchalik berkitilmasin, bahorda O’zbekistondan Tojikistonga mevali daraxtlar ko’chati, dorivor giyohlar, tansiq qulupnay; yozda oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlari; kuzda guruch, anor, qovun-tarvuz, bodring, uzum, karam va pomidor singari mahsulotlar; qishda esa gullar, aylanma yo’llar orqali, hatto, qurilish mollari keltiriladi.

Tojikistondan esa o’zbek bozoriga qand-qurs, piyoz, olma, mandarin, limon va sut mahsulotlari; aylanma yo’llar bilan ikkilamchi temir-tersak va metallom, chet elda ishlab chiqarilgan yengil mashinalarga ehtiyot qismlari, televizor, changyutgich, sovutgich singari xo’jalik mollari keladi.

Toshkentning Oloy bozorida ertalab sotilayotgan sumalak peshindan keyin tojik chegara nohiyalaridan tortib, Sug’d viloyat markazi Xo’jand shahrigacha bo’lgan bozorlarda ham paydo bo’ladi. Bozor ikki davlat o’rtasidagi siyosiy sovuqlikni tan olmaydi. Shu sabab ham tojik yigitlari boshidan Andijon yo Chust do’ppisi, qizlari egnidan esa o’zbek adrasi va atlasi tushmaydi.
XS
SM
MD
LG