So'nggi bir yil ichida Tojikistonda ikki mingga yaqin masjid yopilib, ularning o'rnida hunarmandchilik markazlari, choyxona, kutubxona va sartaroshxonalar tashkil etilgan.
Kuzatuvchilar fikricha, aholining aksariyati hukumatning bu qaroridan mamnun.
AQSh Davlat departamenti ikki yil muqaddam Tojikistonni diniy erkinlik chegaralangan dunyoning 16 mamlakati qatoriga qo’shgan edi. Bu ro’yxatda Tojikistonga qo’shni O’zbekiston va Turkmaniston ham bor.
Bundan 3-4 yil oldin Tojikistonda o’rta umumta’lim maktablariga qaraganda masjidlar soni ko’proq bo’lib, ularning miqdori to’rt mingdan ko'p ekani aytilgan edi. Maktablar soni esa uch yarim ming atrofida bo'lgan.
Tojikistonda radikal islomiy oqim tarafdorlari yoshlar orasida ko’payib borishidan xavotirlangan hukumat maktab yoshidagilarning masjidlarga qatnashini taqiqladi; ota-onalarning farzand tarbiyasidagi ma’suliyati va majbutiyatlarini qonunlashtirdi. Shuningdek, ayollarning ro'mol o'rashiga qarshi tushuntirish ishlari boshlandi, milliy kiyinish odobi targ’iboti kuchaytirildi.
O’tgan yili hukumat respublikada ro'yxatdan o'tmagan masjidlarga davlat qaydidan qayta o’tish muddatini belgiladi. Yangi tartib bo'yicha vaqtida hujjatlarini rasmiylashtirmagan 1938 masjid berkitildi.
Tojikistonning Spitamen nohiyasidagi jome’ masjidlaridan birining imomi Abdug’ani Otayev hukumat harakatini qoralamaydi, masjidlarning berkitilishiga sabab o’sha masjid ma’muriyatining kamchiligi deydi.
"Asosiy sabab shuki, masjidlar vaqtida davlat qaydidan o’tkazilmay faoliyat olib borishgan, ularni qandaydir oqim yoki ekstremistik to’dalarga aloqasi yo’q, shunchaki, hujjatlarini vaqtida rasmiylashtirishmagan. Aslida ularga hukumat buning uchun yetalicha vaqt bergandi", - deydi imom.
Shu nohiyada berkitilgan masjidlar miqdori haqida mas'ul shaxsdan so’ralganda, nohiya hukumati qoshidagi Marosim-an’analarni o’tkazish va diniy qo’mita raisi Akrom Ibrohimzoda ularning soni oltita deb javob berdi.
Uning qo'shimcha qilishicha, yopilgan masjidlar mahallalarda xalq xizmatiga berilgan, binolarda o’quv-ishlab chiqarish markazlari, kutubxona, choyxona kabi ommaviy maskanlar tashkil etilgan. Xalq orasida hech qanday norozilik sezilmaydi, deydi u.
"Berkitilgan masjidlarning ikkitasi Tog’oyak qishloq jamoatida, bittasi Kurkatda, ikkitasi shaharchada, bittasi Tursin O’ljaboev qishloq jamoatida. Ularning biri “Oriyono” o’quv-ishlab chiqarish markaziga, qolganlari gilam, atlas to’qish sexlari, choyxona, sartaroshxona va kutubxonalarga aylantirildi", - deydi qo‘mita raisi.
Respublikadagi aholisi eng ko’p bo’lgan Bobojon G’afurov nohiyasi raisi Zarif Valizoda matbuot brifingida noqonuniy amal qilayotgan 46 msjid berkitilib, xalq xizmtiga berilganini aytarkan, hozirda rayonda 136 masjid ishlab turganini bildirgan.
Isfara nohiyasida esa 45 masjid yopilgan, nohiya raisi Dilshod Rasulzodaning matbuotga xabar berishicha, sobiq masjidlar xalq istagiga ko’ra to’la ta’mirdan chiqarilib, ularning xizmatiga beriladi. Isfarada hozir 113 masjid ishlab turibdi.
Choyxonaga aylantirilgan masjid binosining bir qismini olgan sobiq o’qituvchi Obidxon Aliakbarovning aytishicha, sobiq masjidlar hozir ham xalqqa yangi ko'rinishda xizmat qilmoqda.
"Xudoga shukr, ishlarimiz yaxshi, mo’ysafidlarga choy-nonni tekin beramiz, bu yerdagi shaxmat-shashka to’garagiga maktab bolalari mashg’ulotlaridan bo’shaganda kelib turishadi. Kutubxona gavjum, tashkil bo’lgani mahallamizga yaxshi bo’ldi. Yoshlarning Rossiyaga ishga ketib, tushunmasdan Suriya taraflarga ketib qolganidan ko’ra, shu yerda bilim olganlari yaxshi", - deydi Obidxon.
Mahalliy ziyolilardan biri Abdullo Rajabovning aytishicha, masjidlarni berkitgan bilan xalq orasidagi fundamental diniy qarashlarga chek qo’yib bo’lmaydi. Dunyoqarashni zo’rlik bilan o’zgartirish mumkin emas, masjidlarda hech qachon radikal qarashlar ochiq targ’ib qilinmaydi.
"O’zim ko’p masjidlarda bo’laman, hech qaysinisida keskin qarashlarni ilg’amaganman, hozir nazorat kuchli. Radikal qarashlarni esa kimlardir, qayerdadir targ’ib qilayapti, bu narsalarni aytishmaydi. Ba’zi odamlarning masjid berkitildi deb gapirishlari aqlsizlik, dunyoviy bilimlari sayozligidan. O’sha ba’zi odamlar oxirini o’ylamasdan gapiradi, ular kaltafahm odamlar. Avvalo, hammasi odamning o’z dunyoqarashiga bog’liq, terrorist niyati bor odam masjidsiz ham bo’laveradi, qo’poruvchilik niyati bor odam masjidga bormasa ham qiladi! Uni tarbiyalovchi, yo’lga soluvchi odamlar bor, ana o’shalarni topib, ushlash kerak", - deydi u.
Sobiq masjid binosida amal qilayotgan kutubxona mudirasi Aziza Obidjonzoda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ma’rifiy ishlardan xursandligini aytadi.
"O’zingiz ko’rib turibsiz, xonalarimiz qanchalik gavjum, bu kutubxonamizda to’rt mingdan ortiq kitoblar bor, bular xalq ma’rifati uchun xizmat qiladi. Yoshlarning turli xil oqimlarga qo’shilib ketganidan ko’ra, mana shunday ma’rifat o’choqlariga kelib turgani yaxshi", - deydi Aziza.
Ibodatxonalarning berkitilganidan norozilar ham bor. Ularga ko'ra, davlat masjidlarni yopish orqali fuqarolarning erkin ibodat qilish huquqini cheklamoqda. Xalqaro huquq tashkilotlari va faollar ham Tojikistonni diniy erkinlik cheklangan mamlakat deya tanqid ostiga oladi.
Facebook Forum