Breaking News

Tojikiston: O'zbeklar bugun qancha?


Panjakentda o'zbekning Barlos urug'i yigitchalari
Panjakentda o'zbekning Barlos urug'i yigitchalari

Markaziy Osiyoning eng kambag'al mamlakati hisoblangan Tojikistonda yaqinda ro'y bergan to'qnashuvlar sabab iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatga e'tibor oshgan. Mintaqada chegaralar va mahalliy xalqlar oldidagi qiyinchiliklar - dolzarb muammo. Tojikistonda o’zbeklar norasmiy kuzatuvlarga ko'ra, aholining qariyb 30 foizini tashkil etsa-da, rasmiy manbalarda 900 ming kishi atrofida belgilangan. 8 millionlik aholining 12 foizi. Ba’zi tahlilchilar nazarida o’zbeklarga nisbatan atayin olib borilayotgan siyosat tufayli davlat idoralarida o’zbek rahbarlar kamayib ketgan, oliy o’quv yurtlarida o’zbek bo’limlari qisqartirilgan. O'zbeklar rasman kamayganining etnik sabablari ham bor.

O'zbeklar Tojikistonda bugun qancha? Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:59 0:00

1989-yilda aholi ro’yxatga olinganida Tojikiston umumiy aholisi 6 milliondan sal ko’proq, uning bir milliondan ortig’i, ya'ni 23,5 foizi o’zbeklardir, deya tasdiqlangan.

2000-yilda sanalganida o’zbekning barlos, laqay, qo’ng’irot, qatag’an, yuz, kesamir kabi yirik urug’lari alohida millat sifatida ro’yxatga kiritilib, o’zbeklar 940 ming atrofida qayd etilgan.

Besh yildan so’ng esa bu miqdor yanada ozaygan. Tojikistonda o’zbeklar haqlarini himoya etish uchun tashkil etilgan jamiyat faollaridan biri Zohidjon Toshtemirov deydiki, “bu - davlat siyosati, unga hech narsa deb bo’lmaydi”. O'zbek maktablari endi tojiklashtirilmoqda.

Ota-onalar o’zi maktablarni tojiklashtiraylik demoqda, lekin bu noo’rin, hozir ular orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, deydi Toshtemirov.

Ota-onalar kelajakni o’ylab, farzandlarini pora berib bo’lsada, tojik maktablariga berishayotganini aytadi. Ana shundaylardan biri, yosh o’zbek juvoni, ikki farzandini tojik maktabiga joylagan.

Saodat Normatova ismli ayol deydiki, maktab ma’muriyatiga pul berib bo’lsa-da, kichik qizini tojik maktabiga berdi, hozir u 2-sinfda. Lekin sinfdoshlarining barchasi o’zbek bo’lganligi uchun tojik o’qituvchisi mashg’ulot o’tkaza olmagan.

"Qizim aytadiki, sinfda 27 bolamiz, hech kim tojikchani tushunmaydi. O’qituvchi barcha ota-onalarni yig’ib, majlisda noroziligini bildiribdi. Biz ertangi kunni o’ylab tojik tiliga bermoqdamiz, negaki hamma narsa tojik tiliga asoslanib ketgan, o’zbek tiliga yo’l yo’q", - deydi Saodat.

Tojikiston o’zbek maktablari hozir yoppasiga tojik maktabi sifatida qayd qilingan, lekin o’quvchilar hali ham o’zbek bolalari.

6-sinf o’quvchisi Jahongir Burgutov aytadiki, o’ta-onalar bolalarini tojik maktabiga bera boshlagach, tojik maktabi ham o’zbekka aylangan. Ko’pgina o’zbek maktablarida faqat ikki sinfda ta’lim tojik tilida, qolgan hamma sinf bolalari o’zbeklar.

"Onam katta akamni majburlab tojik maktabga bergandi, umuman o’qimay qo’ydi. Kaptarbozga bo’lib, tomdan tushmay hushtak chalish bilan ovora. O’zim o’zbek maktabidaman. Maktabimizga tojik muallimi keldi, umuman o’zbekchani bilmaydi, biz esa uni tushunmaymiz, hech kim tushunmaydi. O’zbek bo’lani tojik maktabga bersa bo’lmaydi, tojik tojikka, o’zbek o’zbekka qatnashi kerak. Bizni maktab o’zbek edi, tojik bo’lib ketdi, tojik o’qituvchilarimiz zo’r, aqlli, lekin dars o’tadilaru biz tushunmaymiz, ba’zi ustozlar o’zbek tilida tushuntirib beradi",- deydi Jahongir.

Sug'd viloyatidagi o’zbek jamiyati nashri hisoblanadigan mustaqil “Qadriyat” gazetasi Bosh muharriri Ergashali Mirzoaliyev respublikada o’zbeklar nufuzini eski manbalarga tayanib tilga olarkan, o’zbeklar Tojikiston aholisining to’rtdan bir qismini tashkil etadi, ya’ni 2 million atrofida deb aytadi.

"Statistik ma’lumotlarda alohida millat sifatida ko’rsatilgan barlos, laqay urug’lari o’zbeklarga kiradi. Bularning alohida millat sifatida ko’rsatilishi o’zbeklar nufuzini kamaytirishga olib boradi. Bu hammaga ayon narsa-ku, o’zbeklarni kam ko’rsatishga harakat bo’lgan, bu ochiq ham aytiladi. O’zbek maktablari, oliy o’quv yurtlarida o’zbek bo’limlari qisqartirilishi oxirgi 10-15 yil davomida odat bo’lib ketgandi, lekin keyingi 1-2 yilda nimaningdir ta’sirida o’zbek millatiga tegishli narsa yana ko’payishga boryapti. Ko’p joylarda ilgarigidek san o’zbeksan yoki o’zbek tili darslari kam bo’lishi kerak, institutlarda fakultet kam bo’lishi kerak degan gaplar oradan ko’tarilgandek",-deydi Mirzoaliyev.

Boshqa bir milliy jamoatchilik tashkiloti, o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov o’zbek urug’larining o’zi o’zlarini bo’lib ko’rsatayotganligi sabab dili vayron.

“Laqaylarning o’zi “man laqayman” deb chiqqan, endi undan battar bo’lib o’tiribmiz. Millatimizning o’zi shunaqa ishlar qilib yuripti, bular qilayotgani yo’q”, - deb hukumatdan aybni oladi Yusupov.

Uning fikricha, Tojikiston davlati o’tish davrida ekan, shunday siyosat olib borishi tabiiy, chunki, har qanday yangi davlat o’zining ustuvorligi uchun intiladi.

Zohidjon Toshtemirov o’zbeklar nufuzi kamaytirilgani, mustaqillikning ilk yillarida laqaylar o’zlarini alohida millat sifatida ko’rsatishga intilganini e’tirof etadi.

"Rasmiylarning o’zbeklarni kam ko’rsatib kelayotgani sababi haqida hozircha hech narsa deya olmayman, ilgari haqiqatdan ham pasportga laqay degan millat yozilgan, lekin hozir bunaqa narsa yo’q", - deydi Toshtemirov.

Tojikistonda ayni bugungi holat manzarasida bu kabi milliy masalani ko’tarish, arining uyasiga cho’p suqish bilan barobar ko’rilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG