Breaking News

Tojikiston ziyolilari: Rossiya bazalari mahalliy xalq turmushini yaxshilamoqda


Tojikiston mudofaa vaziri mashqlarni a'lo bajargan rus ofitserini tabriklamoqda.
Tojikiston mudofaa vaziri mashqlarni a'lo bajargan rus ofitserini tabriklamoqda.
Rossiya Tojikistondagi harbiy bazadan yana 49 yil foydalanish borasida muzokara olib bormoqda. Rossiya matbuoti ta’rificha, muloqot qiyin o’tayapti. Tojikistonning Qo’rg’ontepa va Kulob shaharlaridagi bazalarda qariyb 7 ming rus askari bor.


Тojikistondagi tahlilchilar fikriga ko’ra, Rossiya harbiy bazasining respublikada qolish-qolmasligi ruslarga bog’liq. Moskva o’z harbiylari chet elda joylashgani va buning uchun haq to’lash kerakligini unutmasligi kerak, deydi ziyolilar.

Demokratik partiya So’g’d viloyat bo’limi raisi Fayzullo Fayziyevning aytishicha, Rossiya bu masalada tenghuquqlilik asosida ish olib borishi shart.

Tojikiston istasa-istamasa, Rossiyaning bu yerda strategik manfaatlari bor: harbiy baza, “Okno” koinotni nazorat qilish stansiyasi.

“Aslini olganda, prezidentimiz aytmoqchi, hududida chet el harbiy bazalari bo’lgan davlatda mustaqil qarorlar qabul qilish imkoniyati bo’lmaydi”, - deydi u.

Umummilliy sotsial-demokratik partiyasi faollaridan birining aytishicha, rus generallarining Markaziy Osiyoda urush ehtimoli haqidagi gaplari cho’pchakdan boshqa narsa emas.

“Ular bizni qo’shni davlatlar bilan jang ehtimoli bilan qo’rqitib, harbiy bazalarini tekinga saqlab qolmoqchi. To’g’ri, hamsoyalar bilan aloqalarimiz yaxshi emas, ammo bu urushamiz degani emas-ku! Rossiya harbiylari gegemon siyosat olib borishga ko’nikib qolgan”, - deydi u.

Yo’ldoshev fikricha, sobiq sho’rolar davlatlarini birlashtirish o’rniga Rossiya ig’vo yo’liga o’tib olgan. Ular bir davlatni ikkinchisiga qarshi qo’yib, o’zlarining “bo’lgin va hukmronlik qil” siyosatiga amal qilmoqda, deydi u.

Rossiya bazasining Tojikistonda qolishida ijobiy hol ko’rayotganlar ham yo’q emas. Masalan, tarix o’qituvchisi Karim Abdulloyev fikricha, rus harbiylari tufayli ancha-muncha tojik fuqarolari yaxshi maoshli ish bilan ta’minlangan, tevarak-atrofdagilar ular tufayli ancha to’q yashaydi.

Fayziyev aytadiki, bugunga kelib Vladimir Putin komandasi o’zlarining qanaqa ekanini oshkor etmoqda.

“Tojikistonni umuman mensimay qo’yishdi, biz bilan har qanaqa muomala qilish mumkinday tutishmoqda o’zlarini”, - deydi u. “Hozir rus generallari qanaqa muammolarni nazarga olishmoqda, bilmadimu, lekin chet harbiylarining mintaqada qolishi yaxshilikka olib bormaydi”.

Mahalliy ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi noahillik Rossiyaga qo’l kelmoqda, deydi.

“Biz birlashmas ekanmiz, ular bundan foydalanadi. Rossiya faqat o’z davlati manfaatlarini ko’zlaydi, buni ko’rib bo’lganmiz. Ular yaxshisi, qandaydir muammolaru qo’rqitishlar o’rniga ahillik yo’lini izlasalar bo’lardi”, - deydi u.

Ba’zi mahalliy tahlilchilar rus harbiylarining Tojikistondan jadal chiqib ketishi ham muammo tug’dirishi mumkin deb hisoblaydi.
XS
SM
MD
LG