Breaking News

Tojikiston yoshlari: Ukrainadek bo’lishni istamasak, birlashishimiz kerak


Tojikiston yoshlari
Tojikiston yoshlari
Ukrainadagi vaziyat Markaziy Osiyo matbuotida yetarlicha yoritilmayapti. Xalq asosiy xabarlarni Rossiya ommaviy axborot vositalaridan olmoqda. Tahlil va tushunchalar Moskva ta'siri bilan qorishilgan.
Markaziy Osiyo - Yoshlar - Ukraina - Matbuot - Ravshan Shams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:27 0:00
Yuklab oling

Masalan Tojikistonda ommaviy axborot vositalari (OAV) Ukrainadagi jarayonlarni Kreml nuqtai-nazaridan kelib chiqqan holda yoritmoqda.

Jurnalist Jo’ra Yusufiy deydiki, respublika matbuotida bu borada mustaqil tahlil yo’q, hukumat esa lom-mim demaydi.

Tojikiston biznes, siyosat va huquq universitetida oxirgi kurs talabasi Shahlo Umrzoqova fikricha, aholi rus informatsion ta’siri ostida, qolaversa gazeta o’qimaydi, o’qigani bilan undan yangi bilim olmaydi.

“Ukraina voqealari bizda bir taraflama, Rossiya istaganidek yoritiladi. «Sadoi mardum», «Xalq ovozi», «Narodnaya gazeta» kabi hukumat gazetalari, tabiiyki, hukumat istaganini beradi. «Dunyo», «Asiya Plus», «Tojikiston», «SSSR», «Faraj» degan mustaqil gazetalar bor, u yo bu darajada informasiya beradi, bular tojikcha, lekin undayam rus mentaliteti seziladi, o’zbeklarda esa shu ham yo’q. Vaholanki, Tojikistonda 2 millionga yaqin o’zbek yashaydi. Buni agar foiz miqdorida olsak Ukrainadagi ruslardan bir necha marta ko’p bo’ladi. O’sha o’rislarni Ukrainadagidek faolligini bizni aholimizda ko’rmaymiz, lekin xalq katta kuch”,- deydi talaba.

Ukraina hodisalarini Tojikistondagi sharoitga qiyoslab tahlil etarkan, yetilib kelgan sabablarning o’rtadagi o’xshashligiga e’tibor qaratgan Shahlo nazarida uning vatanida ham bu ahvol takrorlanishi mumkin.

Bizda ham shunday sharoit yetlib qolgan: korrupsiya tomir otgan, ishsizlik, ishlab chiqarishdagi abgorlik, tashqi migrasiya. Bular xavfli holatlar, bir bahona sabab hamma ko’chaga chiqishi mumkin, deydi u.

“Hammamizniyam sabr kosamiz to’lib boryapti. Ortiq bunaqa yashab bo’lmaydi. Chegarada bo’lgan biron mojaro, xalq orasidagi vahimali mish-mishlar ham bahona bo’lishi mumkin. Bahona topiladi, gap qaltis vaziyatda, shu vaziyatni yetilishida”.

Tojik huquqshunosi Munavvara Hamroyeva fikricha, Ukraina Tojikistondan olis bo’lsada, ba’zi jihatlar haqiqatdan ham o’lkaga qiyoslanishi mumkin, chunki o’xshashliklar talaygina.

“Katta imkoniyatlar bo’la turib, ishlab chiqarishning kamayishi, zo’rayib ketgan korrupsiya, hukumatning xalqdan uzoqlashuvi, bularning bari bizdayam ko’rinadi. Til masalasida ham shunday deyish mumkin, masalan bizning ona tomonimiz o’zbeklardan, bu taraf qarindoshlarimiz ko’pchilik. Siyosat esa boshqacha, buni gapirishga ham cho’chiydi odam Bu yerda ancha xatarli o’zgarishlar bor, bularni nazardan chetda qoldirib bo’lmaydi. Chetlanish bu – jarga qarab ketishdir”, - deydi yurist.

Ukrainadagi jarayonlarni qiyosiy tahlil etarkan, Shahlo Umrzoqova shunday xulosa qiladi: Tojikistonda ziyolilar orasida millatchilik kuchli, oliy millat degan tushuncha targ’ib qilinmoqda.

“Markaziy Osiyoda birlik, birlashish o’rniga allaqayoqdagi haqiqiy mustaqillik, milliy ko’tarilish, oriylik (asl millat) haqida va’zxonlik qilishadi. Bekorchi qonun-qoidalar o’ylab topishadi. Fikrimcha, Tojikiston, Qirg’iziston, O’zbekiston va Qozog’iston birlashmasa, irortamiz ham hech bir yo’lda rivojlana olmaymiz. Qozog’istonning qo’shilishi qiyin, O‘zbekiston Tojikiston bilan hozir kelisholmaydi, buni tushunaman, lekin o’zaro birlashmasak baribir bo’lmaydi, Rossiyaga qaram bo’lib qolaveramiz. Bizni mardikorligimiz o’zimizdan ko’ra Rossiyaga ko’proq foyda beradi, buni kattalarimiz tushunishi kerak. Hozir rahbarlar kelisha olmayapti, lekin vaqti bilan mana biz, yoshlar, kelishamiz, shunday qilmasak bo’lmaydi. Ukrainadek bo’lishni istamasak, biz birlashishimiz kerak”.

Bemorligi sabab Kiyevdan Tojikistonga qaytgan bir student Tojikiston aholisi haligacha bir tomonlama xabarlar oqimida qolayotganidan hayratini yashirmaydi. Uning fikricha, bu masalada Tojikiston axborot vositalari dadil bo’lishi zarur. Hech bo’lmasa internet bor, o’rgansalar bo’lardi, deydi u.
XS
SM
MD
LG