Breaking News

HRW: Tojikistonda muxolifatchi 26 yilga qamalgani siyosiy erkinlik yo'qligidan darak


Zayd Saidov, Yangi Tojikiston degan siyosiy harakatga asos solgan va islohotlarga chaqirgan edi
Zayd Saidov, Yangi Tojikiston degan siyosiy harakatga asos solgan va islohotlarga chaqirgan edi
O’tgan yili Tojikistonda prezident saylovi oldidan yangi partiya tuzgan Zayd Saidovning 26 yilga qamalishi xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqidga uchrab, muxolifatchining bu qattiq jazoga loyiq topilishi - respublika demokratiya va siyosiy erkinliklardan hali ancha yiroqda ekanining yana bir isboti, deya sharhlanmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot “Human Rights Watch” Dushanbeda 25-dekabr kuni chiqarilgan hukmni adolatsizlik deya qoralab chiqdi.

Zayd Saidov tadbirkor, sobiq sanoat vaziri, shuningdek, Dushanbe shahar kengashi a’zosi edi. Prezident saylovidan yetti oy oldin, 2013-yilning aprel oyida u yangi siyosiy harakatga asos solib, uni "Yangi Tojikiston" deya tanishtirgan edi. Maqsad, degan edi Saidov, mamlakatda islohotlarga zo’r berish, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kichik va o’rta bizneslar uchun imkoniyat yaratish, ishlab chiqarishni kengaytirish orqali narxlarni tushirish va eng muhimi, korrupsiyaga qarshi keskin kurash boshlash.

Saidov shundan keyin bosim ostiga olingan, yangi partiyasini darhol tugatishga chaqirilgan, aks holda oqibatlari uning uchun juda salbiy bo’lishi haqida ogohlantirilgan, deya qayd etadi “Human Rights Watch” tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha vakili Stiv Sverdlov.

Muxolifatchi may oyida korrupsiyada ayblanib qamoqqa olinadi. Deyarli ikki kun huquqiy himoyasiz panjara ortida saqlashadi. Shahar kengashidan bu masalaga umuman aralashmaslik talab qilinadi.

21-may kuni Zayd Saidovga qo’shxotinlik, shaxsni erkinlikdan ayirish, jinsiy tajovuz, qalloblik, poraxo’rlik singari ayblovlar qo’yiladi. Saidov, xususan, voyaga yetmagan qizning nomusini buzganlik va uni homilador qilganlikda ayblanadi. Shuningdek, to’rt xotin olgan, deya ta’kidlanadi prokuratura hujjatlarida. Saidovning o’zi qonuniy xotini bitta ekani, qolgan ayollarga esa faqat moddiy yordam berganini aytgan. Sud jarayoni yopiq kechgan.

Prezident Emomali Rahmon lavozimiga o’tgan noyabr oyida to’rtinchi bor saylandi. Tojikiston huquq va erkinlik darajasi bo’yicha dunyodagi eng qoloq jamiyatlardan.

"Amerika Ovozi" xabarlari, 8-fevral, 2014
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:57 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG