Breaking News

Afg'on xavfsizlik kuchlari Tolibonni Arganj-Xvadan quvganini iddao qilmoqda


Toliblar
Toliblar

Afg’oniston rasmiylariga ko’ra, Tolibonga qarshi hujum natijasida jangarilar katta talafot ko’rib, strategik tomondan muhim hisoblangan Badaxshon viloyatidan haydalgan.

Afg'on xavfsizlik kuchlari Tolibonni Arganj-Xvadan quvganini iddao qilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:24 0:00

O’tgan hafta toliblar viloyat ma’muriy markazi Fayzobod atrofidagi Arganj-Xva tumanini egallab olib, Fayzobodni 10 ta tumandan uzib qo’ygan edi. Badaxshon Pokiston va Xitoy chegarasiga yaqin joylashgan.

Afg’oniston Ichki ishlar vaziri Nasrat Rahimiyning aytishicha, Tolibonga qarshi amaliyotda kamida 14 jangari yo’q qilingan, bir nechtasi yaralangan. Havo hujumlari natijasida jangarilar chekinishga majbur bo’lgan.

Tolibon harakati Arganj-Xvadan chiqib, bir kilometr naridagi hududga ko’chganini va tortib olingan harbiy texnikani o’sha yerga yetkazganini iddao qilmoqda.

“Dushmanning tumandagi shtabni harbiy amaliyot paytida tortib olib, bizga talafot yetkazgani haqidagi da’volari uydirma”, - deydi Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohid.

Harakat Afg’oniston hududining yarmidan ko’pini nazorat qilishini da’vo qiladi. Jzangarilar bahor kelishi bilan ko’plab viloyatlarda harbiylarga hujumlarini kuchaytirgan. Tolibon mart oyida yuzlab xavfsizlik xodimlarini o’ldirganini yoki yaralaganini aytadi. AQSh maxsus kuchlarining ikki jangchisi ham nobud bo’lgan.

Afg’oniston rasmiylari Tolibonning bahorgi harbiy kampaniyasi boshlanmasidan oldin armiya hujumga o’tganini aytib, ko’plab jangarilar yo’q qilinganini bildirmoqda.

Jangarilar zo’ravonliklari natijasida o’tgan yili 3800 dan ziyod afg’onistonlik nobud bo’lgan. Bu so’nggi 10 yilda eng katta raqam.

AQSh va Tolibon vakillari shu oy muzokaralarning yangi davrasini o’tkazmoqchi. Jangarilar Qo’shma Shtatlardan askarlarini mamlakatdan olib chiqishni talab qilgan, Tolibondan esa terrorchi guruhlarga Afg’onistondan turib Amerikaga qarshi xurujlarni rejalashga ijozat bermaslik so’ralmoqda.

Tolibon rasmiylari apreldagi uchrashuv kuni hali belgilanmaganini aytadi.

“Muloqot davomiy bo’lsagina muammoga yechim topish mumkin. Aks holda urush davom etadi”, - deydi ulardan biri.

AQSh bosh muzokarachisi Zalmay Xalilzod Kobulda bo’lib, Prezident Ashraf G’ani va afg’on muxolifatining ko’zga ko’ringan yetakchilari hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan ko’rishib, Tolibon bilan bo’ladigan navbatdagi muloqot haqida gaplashdi.

Uning aytishicha, Tolibon hukumat bilan yuzma-yuz muzokaraga ko’nsa, muzokarachilar tarkibiga turli jabha vakillarini qo’shish kerak.

“Delegatsiya tarkibini afg’onlarning o’zi hal qiladi, biroq unga ayollarni ham kiritish lozim”, - dedi Xakilzod.

O’zbekiston hukumati Afg’oniston va Tolibonga kelajakdagi muzokaralarga mezbon bo’lishga tayyor ekanini bildirgan.

Afg’onistondagi muxolif guruhlar, fuqarolik jamiyati vakillari, yosh faollar va oqsoqollar Tolibon bilan o’tgan yil noyabr oyida Moskvada uchrashgan edi, biroq rasmiy Kobul o’sha muloqotni boykot qilib, unda qatnashmagan. Navbatdagi norasmiy muloqot aprel o’rtasida Qatar poytaxti Doxada o’tkaziladi. Afg’oniston hukumati bu galgi jarayondagi ishtiroki xususida og’iz ochmagan hali.

Prezident G’ani Tolibon bilan muzokaraga tayyor, biroq jangarilar xorijiy qo’shinlar avval mamlakatni tark etsin, deya shart qo’ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG