Breaking News

Tolibon “Islomiy davlat” jangarilarini Afg’oniston shimolidan haydaganini da’vo qilmoqda


Tolibon harakati Afg’oniston shimolida joylashgan Juzjon viloyatini “Islomiy davlat” to’dasi jangarilaridan tozalaganini bildirmoqda. Guruhga ko’ra, jangarilarning bir qismi qochgan, boshqalari hududdagi hukumat kuchlariga taslim bo’lgan.

Turkmaniston bilan chegaradosh Juzjon viloyati rasmiylarining bildirishicha, Darzab tumanida “Islomiy davlat”ning taxminan 150 a’zosi asirga tushgan, ularning orasida xorijiy jangarilar ham bor.

Viloyat xavfsizlik politsiyasi vakili Abdul Hofiz Xoshining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Daishning mintaqaviy qo’mondoni Habibur Rahmon ham tongda tuman politsiya boshqarmasiga borib taslim bo’lgan.

Tolibon so’zlovchisi Zabihulla Mujohidga ko’ra, daishchilarga qarshi amaliyot uch hafta davom etgan.

“Salkam 100 nafar jangari o’ldirildi, taxminan 130 nafari hibsga olindi. Janglarda 17 tolib o’ldi, 13 nafari jarohat oldi. Shimoliy viloyatlar Daishdan butkul tozalandi”, - deydi Mujohid.

Ma’lumotlarga ko’ra, Afg’onistondagi 407 tumanning salkam yarmi Tolibon nazoratida. Hukumat kuchlari bilan ham olishishda davom etmoqda.

“Islomiy davlat” Afg’onistonda faoliyatini 2015-yil boshida Pokiston bilan chegaradosh Nangarhor viloyatidan boshlagan edi. O’shandan beri sharqda Kunor va Nuriston, shimolda Juzjon viloyatlariga tarqaldi.

Daishni kattaroq tahdid deb bilgan Rossiya so’nggi paytlarda Tolibon bilan hamkorlikni kuchaytirgani aytiladi. “Islomiy davlat” xavfsizlik kuchlari vat inch aholiga qarshi xurujlari bilan tanilgan.

31-iyul kuni Nangarhor poytaxti Jalolobodda sodir etilgan xurujda 15 kishi o’lgan, yana shuncha yarador bor. Jangarilar shshardagi Qochqinlar va repatriatsiya idorasini nishonga olgani aytiladi. Xuruj paytida idorada bir necha yordam tashkilotining vakillari majlis qilayotgan bo’lgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro migratsiya tashkilotining bir xodimi nobud bo’lgani haqida ma’lum qildi.

Tolibon xuruj ortida ekanini inkor etdi. Rasmiylar Daishni gumon qilmoqda, biroq “Islomiy davlat” voqeani o’z bo’yniga olgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG