Breaking News

Tolibon: AQSh bilan muloqot sermahsul o'tdi


Qatardagi Tolibon idorasi
Qatardagi Tolibon idorasi

Tolibon Afg'onistondagi 17 yillik urushni yakunlash uchun muzokaralarni boshlash maqsadida AQSh rasmiylari bilan to'gridan-to'g'ri muloqot o'tkazganini tasdiqladi.

Isyonchi guruh yetakchi rasmiylaridan birining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, AQSh Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha Davlat kotibi yordamchi o'rinbosari Alis Vels Doxada o'tgan uchrashuvda amerikaliklar delegatsiyasiga rahbarlik qilgan.

O'z nomi oshkor qilinishini istamagan Tolibon rasmiysiga ko'ra, dastlabki muloqotda kelgusi aloqalar va uchrashuvlar uchun poydevor yaratish haqida gaplashilgan, xolos.

"Uchrashuvning umumiy muhiti juda yaxshi o'tdi va muhokamalar ham sermahsul bo'ldi", - dedi Tolibon vakili.

Shu hafta boshida o'tgan bu uchrashuv haqida, dastlab, AQSh nashrlari yozdi, ammo na AQSh, na Tolibon bu xabarlarni tasdiqlagan edi.

AQShdan munosabat yo'q

AQSh Davlat departamenti Tolibon bilan bo'lgan uchrashuv haqida izoh berishni istamadi.

"Qo'shma Shtatlar tinchlik jarayonini kuchaytirish uchun Afg'oniston hukumati bilan barcha yo'llarni korib chiqmoqda", - deyish bilan cheklandi Davlat departamenti rasmiysi uchrashuv haqida so'ralganda.

Uning qo'shimcha qilishicha, afg'on hukumati tinchlik muzokaralarida to'liq ishtirok etmoqda.

"Afg'onistonning siyosiy kelajagi haqidagi har qanday muzokara Tolibon va afg'on hukumati o'rtasida bo'ladi", - dedi u.

Tolibon bir necha yillardan beri Qatar poytaxti Doxada rasmiy vakolatxonaga ega.

Isyonchi guruh Vashington bilan to'g'ridan to'g'ri muloqot qilishni istaydi. Unga ko'ra, mamlakat taqdirini Kobuldagi hukumat hal qila olmaydi; chunki u qo'g'irchoq, xolos.

Afg'oniston prezidenti so'zlovchisi Qatardagi uchrashuv haqida izoh berarkan, rasmiy Kobul mamlakatda tinchlik o'rnatish yo'lidagi barcha harakatlarni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Ilk muhim qadam

Qatardagi bu muloqot 2015-yil Pokistonda Afg'oniston hukumati, Tolibon, AQSh va Xitoy vakillari o'rtasida o'tgan uchrashuvdan beri tinchlik o'rnatish yo'lida o'tkazilgan dastlabki jiddiy qadam sifatida e'tirof etilmoqda.

Ramazon hayiti kunlari Tolibon va hukumat vaqtinchalik sulhga erishgani olqishlarga sazovor bo'lgan edi. Xabarlarga ko'ra, Qurbon hayitida ham to'qnashuvlarni to'xtatish bo'yicha kelishuvga erishilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG