Breaking News

Tolibon Farahni oldi. Kuzatuvchilar Kobul 3 oyda taslim bo'lishini bashorat qilyapti


Tolibon Afg’oniston g’arbidagi Farah shahrini ishg’ol qilganini da’vo qilyapti. Farahlik qonunchi Humoyun Shohidzodaning aytishicha, shahar haqiqatan toliblar qo’liga o’tgan, tevaragida esa hukumat kuchlari jangarilar bilan olishmoqda.

Xalqaro hayot – 12-avgust, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:08 0:00

AQSh Mudofaa vazirligining ismini oshkor etishni istamagan rasmiylaridan biriga ko’ra, poytaxt Kobul yana bir oyda toliblar qurshoviga tushishi, 3 oyda esa qulashi mumkin.

Tolibon ayni damda mamlakatning 65 foizini nazorat qilmoqda. Jangarilar qo’liga o’tgan shaharlardan qochayotgan aholining bir qismi Kobulga yo’l olmoqda.

Ba’zi kuzatuvchilarning xavotir olishicha, shaharga tinch aholi ko’rinishida toliblar ham kirib olib, suiqasd xurujlari uyushtirishi mumkin.

BMTning YUNISEF tashkilotiga ko’ra, 400 mingdan ziyod odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi, 18 million afg’on gumanitar yordamga muhtoj.

Bugun sharqdagi G’azni shahri ham toliblarga taslim bo’ldi. Jangarilar bir haftada 9 viloyat markazini qo’lga oldi. Kobul G’aznidan 150 kilometr narida joylashgan.

Janubdagi Qandahor shahrida ham shiddatli janglar kechmoqda. Hukumat kuchlari katta talafot ko’ryapti.

Tolibon shimoldagi Qunduz va Shibirg’on, g’arbdagi Farah shaharlari tevaragidagi aeroportlarni ishg’ol qilib, hukumat kuchlari uchun ta’minot yo’llarini qiyinlashtirib qo’ydi.

Bu o’rtada Qatar poytaxti Doxada Xitoy, AQSh, Rossiya va Pokiston diplomatlari uchrashmoqda. Delegatlar Afg’oniston hukumati va Tolibonni mojaroga siyosiy yechim topishga undarkan, yaqin kunlarda ular bilan ham muloqot qilishi mumkin.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, Tolibon Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani bilan gaplashishni istamayapti, uning hokimiyatdan ketishi tarafdori.

"3-4 oy oldin Tolibon rahbariyati Pokistonga kelganida ularni hukumat bilan muloqot qilishga ko’ndirishga harakat qildim. Biroq ular Ashraf G’ani ketsagina, gaplashishini ma’lum qilgan”, - dedi Imron Xon.

Unga ko’ra, Afg’oniston hukumati AQShdan qo’shinlarini qayta kiritishni so’ramoqda.

"Amerikaliklar 20 yil Afg’onistonda bo’ldi. 20 yilda eplolmagan nimani hozir qoyillatishi mumkin ular?” - deydi Imron Xon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG