Breaking News

Afg'onistonda Tolibon moliyaviy qiyinchiliklarga yuz tutmoqda


Afg'onistonda Tolibon yetakchisi Mulla Axtar Mansur o'limidan so'ng harakat moddiy qiyinchliklarni boshdan kechirmoqda. Kuzatuvchilarga ko'ra, Mansur Tolibon moliyasi bilan yaxshiroq shug'ullanar edi.

“Toliblar hozir mahalliy aholiga soliqlarni ko'targan. Mulla Mansurning o'limidan so'ng qiyin ahvolga tushib qolishgan", - deydi NATOning Afg'onistondagi missiyasi rahbari brigada generali Charlz Klivlend.

Mansur may oyida Pokistonning Balujiston viloyatida AQSh havo hujumida o'lgan. U qoradori savdosi bilan shug'ullangan edi, deydi general.

Tolibon o'z faoliyatini, asosan, narkotiklar savdosi hisobiga moliyalaydi. "Nyu Tayms" gazetasida chiqqan maqolaga ko'ra, Mansur buning hisobiga o'zi ham boyib, harakat ichidagi odamlarni sotib olgan edi.

Bu yil afyun hosili mo'l bo'ldi, biroq Mansurning o'limi savdoning beliga tepdi.

“Tolibon pulga ko'miladi deb o'ylagan edik, ammo Mansurning o'limi bunga halaqit berdi. Natijada aholiga soliqlar oshirildi", - deydi Klivlend.

Siyosiy tahlilchi Hamid Saboriyning aytishicha, Tolibonning so'nggi paytda sarfiyati oshgan.

“So'nggi 1-2 oyda janglar kuchaygan, demak, qo'shimcha resurslar kerak. Qo'shimcha daromad olish uchun soliqlarni ko'tarishgan deb o'ylayman", - deydi u.

Moddiy kamomad Tolibonga kengroq faoliyat yuritishga to'sqinlik qilayotgan bo'lishi mumkin. General Klivlendning aytishicha, jangarilar ba'zida afg'on xavfsizlik kuchlari nazorat punktlariga hujum qilib, qurol-yaroq, mulklarini olib qo'ymoqda.

Kobulllik tahlilchi, sobiq general Javed Ko'histoniyning aytishicha, urush toliblarga qimmatga tushayotgani yo'q.

Unga ko'ra, Kalashnikov avtomatining bir dona o'qi 5-10 sent atrofida turadi. Bundan tashqari, jangarilar o'z nazoratidagi hududlarda uyali aloqa kompaniyalari, qurilish shirkatlaridan ham pul yig'moqda, moliyaviy ahvoli yaxshi odamlardan zakot olmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG