Tolibon harakatining yangi yetakchisi Mulla Axtar Mansur guruh a'zolarini birdamlikka chaqirib, Afg'oniston haqiqiy islomiy davlatga aylanmaguncha kurashishga da'vat etdi.
"Birligimizni yo'qotmaylik, dushmanni xursand qilmaylik. Maqsad va shiorimiz shariat qonunlari va islomiy tuzumni joriy etib, bu ish amalga oshmaguncha jihodni davom ettirish", deydi Mulla Mansur.
Tolibon yangi rahbari Afg'oniston hukumati bilan kechayotgan muzokaralar xususida og'iz ochmadi. Unga ko'ra, barcha qarorlar islom qonunlariga ko'ra qabul qilinishi kerak, shu jumladan kurashish yoki muzokara qilish qarori.
O'tgan hafta Tolibonning ko'p yillik yetakchisi Mulla Muhammad Umarning o'lgani haqida xabarlar tarqaldi. Afg'oniston razvedkasiga ko'ra, u ikki yil oldin xastalikdan vafot etgan. Tolibon uning o'limini tasdiqladi, ammo qachon qazo qilganini aytmadi.
Harakatning ayrim a'zolariga ko'ra, Mullar Umarning o'rinbosari Mulla Mansur uning o'rniga yirik qo'mondonlar bilan maslahatsiz tayinlangan.
Mansurning da'vo qilishicha, Mulla Umar hayotligida unga rahbarlik mas'uliyati va vazifalarini yuklagan.
Tolibondan ajralib chiqqan "Fidoiy Mahaz" guruhi Mulla Umar zaharlangan deya da'vo qilmoqda.
Mulla Umarning o'limi haqidagi xabarlar matbuotda tarqalgach, juma kuni Pokistonda Tolibon va Afg'oniston hukumati o'rtasida rejalangan tinchlik muzokaralari bekor qilindi.
Qo'shma Shtatlar Tolibonni tinchlik va murosaga imkoniyat beruvchi jarayondan voz kechmaslikka chaqirdi.