Afg'oniston Toliboni Qatarda AQSh bilan rejalanayotgan tinchlik muloqoti haqidagi xabarlarni inkor etmoqda. Harakat vakili Zabihulla Mujohidning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, matbuotdagi xabarlar yolg'on. AQSh rasmiylari bu borada hali izoh bermagan.
Muzokara haqidagi xabarni "Reyter" axborot agentligi tarqatgan. Agentlik Tolibon ichidagi manbalaridan olingan ma'lumotga tayanganini ma'lum qiladi. Unga ko'ra, uchrashuv bugun Qatarda o'tishi kutimoqda.
Bu mamlakat poytaxti Doxada Tolibonning siyosiy idorasi joylashgan. Idora xalqaro hamjamiyat bilan aloqa qilish uchun tuzilgan. Muzokara haqida boshqa xorijiy axborot agentliklari ham xabar bermoqda.
Tolibon Kobuldagi hukumat bilan muzokara qilishdan oldin Qo'shma Shtatlar vakillari bilan gaplashmoqchi ekani haqida oldin aytib kelgan. Biroq toliblar uch shart qo'ygan edi: Amerika harbiylarini Afg'onistondan chiqarish, AQSh qamoqxonalaridagi mahbus toliblarning barchasini ozod etish va Tolibon yetakchilarining ismlarini BMT qora ro'yxatidan chiqarish.
Seshanba kuni Pokiston armiyasi va razvedkasi rahbarlari Kobulda bo'lib, Tolibonga qarshi kurashda hamkorlik xususida muloqot qilgan. Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, Islomobod Afg'oniston Toliboniga bosim qo'yib, Kobul bilan kelishishga da'vat etmoqda.