Tolibon Afg'onistonda hukumat bilan tinchlik muzokaralari samara berishiga shubha bilan qaramoqda.
Harakatning "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, Tolibon muzokaraga kirishishga tayyor emas. Unga ko'ra, xorijiy kuchlar mamlakatni tark etmagunga qadar, Tolibon rahbarlariga qo'yilgan sanksiyalar bekor qilinmaguniga qadar hamda asirlikdagi toliblar ozod etilmaguniga qadar, muzokaradan natija chiqmaydi.
Tolibonning da'vo qilishicha, AQSh maxsus kuchlarining Afg'onistonda tungi reydlari davom etmoqda, mamlakatga qo'shimcha amerikalik askarlar safarbar etilgan, Tolibonga qarshi amaliyotlar kuchaygan. Bunday sharoitda muzokaradan foyda yo'q, deyiladi Tolibon bayonotida.
AQSh Davlat departamenti harakatni jarayonda qatnashishga da'vat etdi.
"Tolibon bir qarorga kelishi kerak. Yoki samimiy tarzda tinchlik muzokaralarida qatnashishi yoki jarayondan yuz o'girib, urushni davom ettirishi, afg'on birodarlarini o'ldirib, mamlakatining barbod bo'lishiga hissa qo'shishi mumkin", deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
Afg'oniston, Pokiston, Xitoy va Qo'shma Shtatlar Tolibon bilan muzokaralarni tashkillashtirishga harakat qilmoqda va jarayon martning birinchi haftasida boshlanadi, deya umid qilmoqda.