Afg'onistonda tinchlik jarayoni bo'yicha xalqaro anjumanga mezbonlik qilgan O'zbekiston ayni paytda Tolibon va Kobul o'rtasidagi tinchlik muloqotiga mezbonlik qilishga tayyor. Prezident Shavkat Mirziyoyev dunyoning yetakchi diplomatlari huzurida shu haqda gapirdi.
"Tinchlik jarayonining istalgan bosqichida Afg'oniston hukumati va Tolibon harakati o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqotni O'zbekiston hududida tashkil etish uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratishga tayyormiz", - dedi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent konferensiyasi Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibonni tinchlik muloqotiga taklif etishi va zo'ravonlikni tark etsa, guruhga qonuniy partiya maqomini berishga tayyorligini izhor qilishidan bir oy o'tib tashkil etildi.
Isyonchi guruh hali Kobul taklifiga munosabat bildirgani yo'q.
Guruhning jimligini turlicha talqin qilayotganlar bor.
RAND korporatsiyasi tahlilchisi Rebekka Zimmermenning aytishicha, sukunat ularning muzokaralardan umidvor ekanini bildiradi.
"Ilgari Tolibon shartlariga to'g'ri kelmagan takliflarni zudlik bilan rad etishdan tortinmasdi, shaxsiy muloqotlarda ham hatto. Hozirgi holatda esa jimlikni saqlash muzokaralardan umid borligini ko'rsatadi", - deydi u.
Afg'oniston hukumatida ham bu qarashni yoqlayotganlar bor.
Hukumatdagi umidvorlik
Afg'oniston Oliy tinchlik kengashi bosh kotibi Muhammad Akram Xpalvakka ko'ra, hukumat Tolibondan rasmiy javob kutmoqda va ichki manbalar ma'lumotiga ko'ra, tinchlik taklifi guruh yetakchilari orasida jiddiy muhokama qilinmoqda.
Milliy xavfsizlik bo'yicha hukumat maslahatchisi Muhammad Hanif Atmarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, agar Tolibonga o'ylash uchun ko'proq vaqt kerak bo'lsa, Kobul kutishga tayyor.
"Ular taklifni na qabul qildi, na rad etdi. Ko'proq vaqt kerak bo'lsa, beramiz. Lekin shuni bilsinlarki, jang qilishni ma'qul ko'rgan har bir kun uchun ular tinchlikdan bir kunni boy berishadi", - deydi u.
Prezident Barak Obama davrida AQSh Davlat kotibi yordamchisi bo'lib ishlagan P.J. Krovli Tolibonning kech javob berishi yangilik emasligini aytadi.
"Obama ma'muriyatining dastlabki yillarida Tolibon vakillarini yuborarmikan, degan savolga oylab javob kutardik", - deydi u.
Norasmiy javob
Tolibon "The New Yorker" gazetasida profesor Barnett Rubin chop etgan maqolaga javob qaytardi. Maqolada Rubin isyonchi guruhni tinchlik sulhi tuzib, hukumat bilan muloqot boshlashga undagan edi.
Tolibon o'z javobida tinchlik bo'yicha taklifni aniq tilga olmasdan, Afg'oniston "bosqin ostida" ekaniga va Kobul jarayoni Tolibonni "taslim qilishga" qaratilganiga urg'u bergan.
Professor Rubinning aytishicha, savol Tolibonning tinchlik jarayoniga qo'shilishi yoki qo'shilmasligi haqida emas, balki u kim bilan va nima haqda gaplashishni xohlayotgani haqida.
"AQSh Afg'oniston hukumati bilan gaplashing, deydi. Tolibon esa hukumat o'zicha qaror bera olmaydi, deydi. Bizni ag'dargan bular emas, amerikaliklar; biz amerikaliklar bilan gaplashamiz, demoqda. Ularga ko'ra, amerikaliklar bilan muammoni bir yoqli qilib olmaguncha boshqa afg'onlarga gapirish befoyda", - deydi Rubin.
"Tolibon hikoyalari" kitobi muallifi Tomas Jonson fikricha, Tolibon haqiqiy kuch sifatida AQShni ko'radi va u bilan gaplashishni xohlaydi.
"Konflikt boshlangandan beri ularning gap-so'zlarida shu seziladi. Trampning AQSh Tolibon bilan gaplashmaydi, degan qarashiga ham javob bu", - deydi u.
"Tolibon hozir 2001-yildan beri Afg'onistonning ko'proq qismini nazorat qiladi va ularning ta'siri hamda qudrati o'sib borayotgandek. Shu bois ko'plab toliblar, jumladan, ularning yetakchisi Hibatulloh Oxunzoda ham o'zlarining g'alaba qozonayotganiga va muzokaralarga hojat yo'qligiga ishonishadi", - deya qo'shimcha qiladi Jonson.
Kobullik tahlilchi Vohid Mujda fikricha, guruhning Afg'oniston hukumati bilan muloqot qilish bo'yicha qarashi o'zgarmagan.
"Ular Afg'oniston hukumati bilan gaplashmasliklarini bot-bot ta'kidlagan. Chunki Kobulda haqiqiy hokimiyat yo'q. Jimlik Tolibon taklifni qabul qilishi mumkinligi haqida ijobiy o'zgarish borligini bildirmaydi", - deya qo'shimcha qiladi Mujda.
AQSh qarashi
AQSh Tolibonning Afg'oniston hukumati bilan gaplashishini istaydi va shu masalada Prezident Ashraf G'ani olg'a surgan taklifni olqishlamoqda.
Yaqinda "Amerika Ovozi" o'zbek xizmati bilan intervyuda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uels zo'ravonlikni tark etgan Tolibon uchun Afg'oniston kelajagida joy borligini aytgan edi.
"Zo'ravonlikni rad etishga, terrorchilar bilan aloqani uzib, ozchilik guruhlar va ayollar bo'yicha konstitutsiya shartlarini qabul qilishga tayyor Tolibon a'zolari tinchlik va barqarorlikka o'z sharaflarini yo'qotmagan holda erishishlari uchun yo'l bor", - degan edi u.
Bu orada Afg'oniston prezidenti idorasi Toshkentda o'tgan konferensiya natijalaridan davlat rahbarining ko'ngli to'lganini e'lon qildi.
Prezident saroyi so'zlovchisining o'rinbosari Dava Xon Mina Palning aytishicha, afg'on tinchlik jarayoni bo'yicha ilk bor xalqaro va mahalliy darajada umumiy kelishuvga erishilgan.
Afg'oniston Oliy tinchlik kengashi so'zlovchisi Sayid Ehson Toxiriy ham Toshkent konferensiyasi orqali Tolibon bilan muloqotni boshlash uchun yaxshiroq muhit yaratilganini e'tirof etdi.
Anjumanda Tolibondan vakillar ishtirok etmagan.
Facebook Forum