AQShda demokrat va respublikachi senatorlar federal soliqlar bo'yicha munozara qilar ekan, soliq stavkasini ko'tarmay, ishsizlarga imtiyozlarni uzaytirish choralariga kelishishi mumkin. Demokratlar badavlat amerikaliklarga soliq hajmini ko'paytirib, boshqa barchaga tushirish taklifini o'rtaga tashlagan, ammo muxolifat bu takliflarni rad etishga muvaffaq bo'lgan.
Jorj Bush prezidentligi davrida keng qamrovli soliq imtiyozlari joriy etilgan edi. Demokratlar esa ularni faqat o'rta sinf amerikaliklar uchun qoldirmoqchi.
Arizona shtatidan saylangan respublikachi senator Jon Kilning aytishicha, iqtisodiy rivojlanish sust bir paytda soliqlarni oshirish to'g'ri emas.
"Ish o'rinlari yaratib, iqtisodiyotni jonlantirish, byudjet kamomadini yopish lozim", - deydi qonunchi.
Illinoyslik demokrat senator Richard Durbin respublikachilarni badavlat amerikaliklarga soliqlarni tushirib, ishsizlarga imtiyozlarni uzaytirishdan bosh tortayotganini tanqidga oladi.
"Yiliga bir million dollardan ortiq daromad olayotganlarga soliqlarni kamaytirarmizmishu, yil oxirigacha ishsizlik bo'yicha imtiyozlarni yo'qotayotgan ikki million amerikalikdan yuz o'girishimiz kerak ekan", - deydi u.
Prezident Obama tomonlarni murosaga chaqirmoqda. Kongress yil oxirigacha chora ko'rmasa, Bush prezidentligi davrida qabul qilingan barcha imtiyozlar muddati tugaydi.
Demokratlar boylarga soliq solmoqchi, respublikachilar esa ularni barcha uchun tushirmoqchi
- Amerika Ovozi
Qonunchilar yil oxirigacha kelisha olmasa, Bush prezidentligi davrida qabul qilingan barcha imtiyozlar muddati tugaydi.