Breaking News

Bolalar nafaqat filmlarni tomosha qiladi, yaratadi ham


Bolalar uchun kinoakademiya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

Bolalar uchun kinoakademiya

Bolalar nafaqat filmlarni tomosha qilishi, balki yaratishi ham mumkin. Merilend shtatidagi Bolalar film akademiyasi asoschisi Vanya Pettigru boshlang’ich sinf o’quvchilarini hujjatli film yaratishga o’rgatadi.Maktab direktori ham alohida jonbozlik ko’rsatmoqda.

Shtatning Baltimor shahridagi Bandi nomli maktab o’quvchilari uch yildirki dokumentalistika sinfida bilim oladi.

O’quvchilar haftada uch marta yig’ilib fikr va g’oya almashadi, hikoyalar aytib, qog’ozga tushiradi, sahna ortidagi jarayonni o’rganadi.

“Bolalar kompozitsiya, kadr tanlash, kamerani o’rnatish, undan foydalanish, ovoz yozish uskunalarini ishlatish kabi boshqa texnik narsalar bilan ham tanishadi”, - deydi Vanya Pettigru.

O’quv jarayonida bolalar hayotda kerak bo’lgan boshqa ko’nikmalarni ham o’rganmoqda.

“Dokumentalistikani o’rgatish foydali, chunki hujjatli filmda haqiqiy insonlar haqiqiy mavzular haqida gapiradi. Bu bolalarga o’z fikr va qarashlarini ifoda etishga, dunyoqarashini himoya qilishga yaxshi imkoniyatdir”, - deydi akademiya asoschisi.

“Yoshlar haqiqati” bolalar ilk ishlagan hujjatli film bo’ldi.

“Bolalar o’zlarini tashvishga solayotgan turli mavzular haqida gapiradi. Ular maktabda zo’rlik va kamsitish hollari, mahallada zo’ravonlikdan charchaganini aytadi. Kartina Baltimorda o’tgan Merilend kino festivalida namoyish etildi, tomoshabinlar olqishi va mukofotiga sazovor bo’ldi”, - deydi Vanya Pettigru.

Bolalar o’tgan yili standartlashtirilgan test haqida “Tayyorman” deb nomlangan qo’shiqqa film ishladi. Kartina hozir Baltimor maktablarida qo’yilyapti.

Qo’shiq she’rini maktab direktori Kimberli Miller yozgan. U film ijodkorlarini yaqindan qo’llab-quvvatlaydi. Dokumentalistika sinfi bolalarga notiqlik va tinglash qobiliyatlarini oshirishga imkon beradi, deydi u.

“O’quvchilar dasturga qatnay boshlagandan beri bir-biri bilan muloqot qilish qobiliyati o’sganini sezdim. Bolalar faollashgan, o’zaro hurmat bilan, bir-birining ko’ziga qarab bahs-munozara qilishadi”, - deydi u.

Bu galgi mavzu o’zlikni tushunish va sinfdoshlar bilan muloqotga qaratilgan.

“Ba’zan meni noto’g’ri tushunishadi. “Bo’ldi qil” desam, qo’pollik deb xafa bo’lishadi. Aslida mehribon insonman”, - deydi o’quvchilardan biri.

“Predmet hayotdagi maqsadlarimizni aniqlashga yordam beradi. Harakat qilgan odam ko’p ishlar qilishi mumkin. Loyiha menda ishonch shakllantiradi”, - deydi yana bir o’quvchi Dayon Xarris.

O’ziga ishonch, hamkorlik, ijodkorlik bu bolalarga kelajakda nafaqat film yaratishda, balki har qanday sohani eplab ketishida ham qo’l keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG