Breaking News

Kaliforniyadagi Silikon vodiysi - muhojirlar vodiysi


“Apple”, “Facebook” va “Google” singari global kompaniyalarning qarorgohi Kaliforniya shtatining Silikon vodiysida joylashgan. Bu yer texnologik kashfiyotlar maydoni, butun dunyodan mutaxassislar yig’ilgan. Muhojirlar ilg’or kompaniyalarda ishchi kuchining kattagina qismini tashkil etadi.

Pushpa Ital Silikon vodiysi muhitiga xos bo’lmagan rahbarlardan. U ayol, xorijda tug’ilgan, ikki farzandning onasi. Onalik bilan informatsion texnologiyalar sohasida karyerasini birday olib boradi. Silikon vodiysida bunday ishchilarga ehtiyoj katta.

“Silikon vodiysi millionlab odamlar qo’llaydigan mahsulotlarni yaratayotgani bilan dunyoga tanilgan”, - deydi u.

Innovatsion texnologiyalar bo’yicha global markazga aylangan Silikon vodiysini muhojirlar vodiysi ham deyish mumkin. Qanchadan-qancha xorijda tug’ilgan, oddiy oiladan chiqqanlar ishlaydigan makon. Hech biriga bu yerga kelish oson bo’lmagan. Orzulari ham bir dunyo.

“Endi oyoqqa turayotgan kompaniyaga ishlaysizmi? Shuncha mehnatdan keyin tavakkal qilishga ham tayyor bo’lishingiz kerak”, - deydi Pushpa Ital.

Kompyuter texnologiyalar bilan ishlaydiganlarning qariyb 70 foizi AQShda tug’ilmagan. Ular orasida ayollar ko’p. Kompyuter va matematika sohasidagi ayollarning 80 foizi xorijda tug’ilganlar, asosan Xitoy va Hindistondan.

“Hindiston, Xitoy kabi davlatlarda ayollardan itoatkorlik kutiladi. Silikon vodiysida esa ularga yo’l ochiq. Bu sohada xotin-qizlar o’zini moliyaviy mustahkamlaydi”, - deydi Kaliforniya universitetidan Annali Saksenian.

Innovatsion texnologiyalar sanoati hamon erkaklar qo’lida, biroq xorijda tug’ilgan ayollar muvaffaqiyat qozonib, rahbarlik lavozimlarini egallamoqda. Lingling Shi ulardan biri. U Xitoyda tug’ilgan.

“Axborot texnologiyalari sohasi orqali grin kartaga topshirish oson. Lekin, ochig’ini aytsam, qiziqishim bunda emas”, - deydi u.

Bu sohada ishlayotganlarning amerikaliklardan yana bir farqi, karyera qilish qanchalik qiyin bo’lmasin, xorijda tug’ilgan xotin-qizlarning oila qurib farzand ko’rish ehtimoli ikki hissa ko’p.

“Xitoy madaniyatida oila muhim. Karyeram qanchalar gullab-yashnamasin, oila qurmasam, ota-onamning ko’ngli joyiga tushmaydi. Kompaniyaning vitse-prezidentidirsan, lekin hali ham bolang yo’q, deb norozi bo’lishadi”, - deydi Lingling Shi.

“Xitoy, Hindiston madaniyatida xotin-qizlar tezda oila qurib, bola-chaqali bo’lish kerakligi singib ketgan. Karyerasini ham uddalaydi. Hammasini eplash aslida qahramonlik”, - deydi Annali Saksenian.

Ota-onalar nafaqat talab qo’yishadi, bu yo’lda qo’llab-quvvatlashadi ham.

“Ayniqsa, farzandli bo’lganda bir yilgacha yordam berishadi”, - deydi Lingling Shi.

Bu esa yosh onalarning ishini yengillashtirishi tayin.

“Bunday ayollar amerikalik hamkasblaridan ko’ra, rahbarlik lavozimlariga tezroq ko’tariladi”, - deydi Silikon vodiysi instituti tadqiqotchisi Reychel Massaro.

Ularning ismini hozircha biznes jurnallar muqovasida ko’rmaysiz, biroq bu muhojirlar keyingi texnologik kashfiyotlar ortida turishi tayin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG