Bundan to’rt asr oldin ingliz tadqiqotchisi Jon Smit AQShning Chasepik ko’rfazi bo’ylab sayohat qilib, yon atrofdagi daryolarni xaritaga tushirgan. Bugun bu daryolarning 11 tasini kompyuterda virtual ravishda aylanish mumkin. Bu ish qanday amalga oshirilishi bilan tanishdik.
Chasepik ko’rfaziga kelib quyiladigan Pataksen daryosida suzib yurgan mana bu kichik paromni Rayan Abrahamsen loyihalagan va yasagan. Uning virtual xaritalash kompaniyasi bor.
“Google Street View” texnologiyasidan ilhomlangan Abrahamsen daryolarning 360 darajali virtual turlarini yaratdi. Daryoning virtual xaritasini tuzish oson ish emas.
“Markazdagi ustun tepasida 6 kamera, sensor va GPS o’rnatilgan. Pastda esa ultra-yorug’ ekranli, tachskrinli kompyuter. Kameralarni kompyuter boshqaradi. Joyning GPS koordinatalari, shuningdek, barometik bosim, namlik va haroratni yozib olamiz”, - deydi u.
Parom Pataksen daryosi bo’ylab suzarkan, o’ta keng linzali kameralar har 12 metrda bir vaqtning o’zida suratga oladi. Virtual panorama sayrini yaratish uchun yuqori aniqlikda olingan minglab rasmlar kerak bo’ladi.
Bugun Abrahamsen Pataksen daryosi xaritasini boyitmoqda. Unga kichik bir ko’rfazdan olingan 20 ming fotosurat qo’shiladi. Daryo bo’ylab virtual ekskursiya deyish mumkin.
“Maqsadimiz - odamlarga ma’lumot berish, ularni ilhomlantirish. Bu go’shalarda sayr qilib, tabiatdan bahra olishsin. Shu bilan birga, uni himoya qilishsin”, - deydi Joel Dann, ekologik tashkilot rahbari.
Virtual sayohatda go’zal manzarani tomosha qilasiz. Ekologik muammolar ham ko’zga tashlanadi.
“Eroziya, ifloslanish, drenaj quvurlari, suv yo’llarida shinalarni ko’rasiz. Bularni jamoatchilikka ko’rsatib, tevarak-atrofni, suv havzalarini, yashab turgan joyimizni toza saqlash kerakligi haqida o’ylantiramiz”, - deydi Rayan Abrahamsen.
Pataksen va Chasepik ko’rfaziga quyiladigan boshqa daryolar Vashington va Baltimor singari shaharlarga yaqin. Aholi tabiat qo’ynida dam olishi uchun uzoqqa borib o’tirmaydi.
“Odamlar sayohatlarini uydan yoki ish joyidan rejalash uchun virtual turdan foydalanishi mumkin. Qo’lida smartfoni bo’lsa, imkoniyatlar keng”, - deydi Joel Dann.
Kapitan Jon Smit 1600-yillarda xaritaga tushirgan Pataksen va unga qo’shni daryolar AQSh tarixiy so’qmoqlar ro’yxatidan joy olgan.
Facebook Forum