Breaking News

Agroxo’jalik, mashinasozlikni bilgan studentlar diqqatiga!


Bu yil 65 yoshini qarshilayotgan programma 80 davlat, jumladan, mana 10 yildirki, O’zbekistonda bor.

Markaziy Osiyoda texnika, mashinasozlik, qishloq xo’jaligi, biologiya, fizika, arxitektura yo’nalishlarida o’qiyotgan yoshlar xorijda amaliyot o’tashi mumkin. Obro’li universitet va kompaniyalarda ikki-uch oy ish o’rganadi, o’zini ko’rsatsa, ishga olinadi. 65 yil oldin ta’sis etilgan Xalqaro texnik tajriba almashish dasturi (The International Association for the Exchange of Students for Technical Experience) Toshkentda ham ishlab turibdi.

Texnik fanlar va kelajak/Nasiba Tohir
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:52 0:00
Yuklab oling

Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar. Mashinasozlik, sanoat, agroxo’jalik, qurilishga ehtiyoj oshgan, bilimli, uquvli mutaxassislar oltin barobarida baholangan damlar. 1948-yilda London Imperial kolleji ma’muriyati mana shu sohalarni o’rganayotgan yoshlarning boshini qo’shishga, ularning har xil davlatlarda tajriba o’tashi uchun imkon yaratishga qaror qiladi. Ham xaroba shaharlarni qayta tiriltiradigan, ham ellarni bir-biriga bog’laydigan bir ish bo’lishi kerak edi bu.

Jina Del Tito (Gina Del Tito) Texnik tajriba almashish loyihasining Amerikadagi bo’limi uchun mas’ul. Ikki jihat bilan ajralib turamiz, deydi u. Birinchidan, dastur ikki tomonlama amalga oshadi, ya’ni chet ellik talaba Amerikada tajriba o’tashi uchun uning davlatida aqshlik student uchun bitta joy ajratiladi. Sizdan ugina, bizdan bugina qabilida. Ikkinchidan, diqqat faqat texnik kasblarga qaratiladi.

Bu yil 65 yoshini qarshilayotgan uyushma 80 davlat, jumladan, mana 10 yildirki, O’zbekistonda bor. Yillar osha 350 ming talabaning amaliy bilimi, ko’nikmasini charxladi.

O’zbekistonlik yoshlar loyihada qatnashaman desa, Toshkentdagi ofisga murojaat qiladi. Kelasi yilgi yozgi amaliyot uchun hujjatlar 2 va 3-kurs talabalari, magistrlardan 15-sentabrdan 15-oktabrgacha qabul qilinadi. O’zbekistonga boraman degan xorijlik yoshlar esa Toshkent texnika universiteti, SIMUZ texnika markazi va O’zshaharsozlik kompaniyasida malaka oshiradi.

Biroq Toshkentdagi idora ancha zaif, deydi uyushmaning Tojikiston bo’yicha mas’ul rasmiysi, professor Pulat Pulatov. U o’z paytida O’zbekistondagi bo’linmani ochishga bosh bo’lgan.

“O’zbekiston salohiyati Tojikistondan ancha ustun ekanini tan olamiz, loyihada faolroq qatnashishini xohlar edik. Xorijlik talabalar O’zbekistonda malaka oshirsa, qani edi! O’zbekistonlik talabalarni ham butun dunyo bo’ylab malaka oshirishga, texnologiya sohasini chuqur o’rganishga jo’natish mumkin”, - deydi u.

Professor Pulatovning aytishicha, idora to’laqonli ishlashi uchun O’zbekiston hukumatining qo’llab-quvvatlovi muhim. Chunki chet ellik talaba bu mamlakatga borganida, uning biror idorada ishlashi, malaka oshirishi uchun ruxsatnoma, viza, yotar-turar joyi kabi masalalar ko’tariladi.

“Hozir Amerikada xorijlik 60 talaba amaliyot o’tamoqda. Odatda praktika 8-12 hafta davom etadi, ammo ba’zida yarim va bir yilga cho’zilishi mumkin. Talaba mezbon davlatga yetib olganidan keyin tashkilot unga turar-joy topishda yordamlashadi. Bolalar tengdosh studentlar bilan birga turishini maslahat beramiz”, - deydi Jina Del Tito.

Xorijlik talabani bag’riga olgan tashkilot yoki universitet uni oylik stipendiya bilan ta’minlaydi. Ammo yo’l xarajati, hujjatlarni to’ldirish uchun haqni student o’zi qoplashi kerak.

“Yillar o’tibdiki, bugun ham xalqaro maydonda ajralib turamiz”, - deydi Jina Del Tito. Biologiya, muhandislik, arxitektura va dizayn sohasida o’qiyotgan yoshlarga chet elda tajriba o’rganish imkonini berayotgan sanoqli dasturlardan bu.

Ishtirok etaman degan student hujjatlarni vatanidan turib topshirishi shart emas. Amerikada yashab o’qiyotgan bo’lsa, shu yerdanoq kuchini sinab ko’rishi mumkin. Qatnashchilar 19-30 yoshlar orasida, bakalavr, magistr va aspirantlar.

Uyushma kichik va o’rta hajmdagi kompaniyalar bilan ishlaydi. Bundan tashqari, universitetlar bilan ham hamkorlik yo’lga qo’yilgan, ya’ni professorlar talabaga tadqiqot va amaliyot uchun moliya ajratadi. Kolorado universiteti, Michigan universiteti, Karnegi Melon universiteti, Rochester texnologiya universiteti, Virjiniya texnologiya universiteti shularga misol bo’la oladi.

“Siz dasturda qatnashdingizmi, doimiy vakil maqomini olasiz”, - deydi Jina Del Tito. Texnik tajriba almashish dasturi bitiruvchilari uchun internetda alohida sayt - ma’lumotlar bazasi yaratilgan (alumni.iaeste.org). Unda qanday qilib ish izlash, rezyume yozish, malaka oshirish, tajriba orttirish, har xil kurslar haqida ma’lumot topsa bo’ladi.
XS
SM
MD
LG