Rossiyaning Qozon shahri yaqinidagi bir posyolkada 1992-yildan beri antiqa bir ibodatxona qurilmoqda. Uning tomida barcha yirik dinlar ramzlarini ko’rish mumkin. “Butunjahon ibodatxonasi” qurilishi tashabbusi bilan chiqqan inson besh yil oldin vafot etgan, biroq uning ishini oila a’zolari davom ettirmoqda.
“Barcha dinlar ibodatxonasi” yoki “Butunjahon ibodatxonasi” deb nomlanuvchi bu joy ham masjid, ham cherkov, ham sinagoga vazifasini o’tashi mumkin.
1992-yilda qurilishi boshlangan ibodatxona 16 ta din va g’oyib bo’lgan sivilizatsiyalar e’tiqodini o’zida mujassamlashtirishi rejalangan.
Rossiyalik rassom, me’mor, haykaltarosh va tabib Ildar Xanov tushida Iso payg’ambarni ko’rganidan so’ng qurilishga jazm qilganini aytgan. Biroq ibodatxona qurilishini yakunlash unga nasib etmadi.
“Iso payg’ambar akamning tushida unga ibodatxona qurishni buyurdi. Akam pul yo’qligiga ishora qilganida Iso “sen ishni boshlayver, pulning g’amini yema” deb javob bergan”, - deydi rassomning ukasi Ilgiz Xanov.
Imorat turli din va oqimlarni ifoda etuvchi shaklda qurilmoqda. Masalan, Qadimiy Misr e’tiqodlariga bag’ishlangan xonasi ham bor.
“Dunyoda ikkinchi bunday ibodatxonani topa olmaysiz. Mehmonlarni bu joyning antiqaligi o’ziga tortadi”, - deydi ibodatxona ma’muri Farid Xayrullin.
Ibodatxona qurilishi uchun pul dunyoning turli burchaklaridan, loyihaga qiziqish bildirgan odamlardan tusha boshladi.
“Odamlar yuz tuzilishi yoki dini boshqa bo’lgani uchun o’zini boshqalardan ajratmasligi kerak. Bu joy bag’rikenglik timsolidir”, - deydi indoneziyalik sayyoh Rafita Pandiangan.
“Buddistlikka bag’ishlangan bu xonada sokin energiya va saodatni his qilish mumkin. Odamlar bu yerga qayta kuch to’plash uchun, bu joyda olingan kayfiyatni o’zi bilan olib ketib, hayotini yaxshilash uchun keladi”, - deydi bu ayol.
Ibodatxona turli din vakillari sig’inadigan joy sifatida qurilayotgani yo’q. Imorat barcha dinlarning me’moriy ramzi va muzeyi bo’lib xizmat qiladi.
Facebook Forum