Siyosiy jihatdan tarqoq Tailandda yakshanba kungi parlament saylovlarida muxolif partiya yirik g’alaba qozonib, bosh vazir lavozimini ilk bor ayol kishi egallashi kutilmoqda.
44 yoshli Yinglak Chinavat g’olib “Pxya Txay” partiyasi yetakchisi. Uzoq yillik adovatni tugatib, davlatni birlashtirishga va’da bermoqda.
500 o’rinlik parlamentda 264 o’rin endi shu partiyaniki.
Yangi rahbar sobiq bosh vazir Taksin Chinavatning singlisi bo’lib, barcha partiyalar va armiya uning g’alabasini bir ovozdan yoqladi.
Aytish joiz, o’tmishda qurolli kuchlar Tailandda bir necha qo’zg’olonga bosh-qosh bo’lgan.
Davlatni 2008-yildan beri boshqargan Demokratik partiya rahbari Abxisit Vejjajiva ham mag’lubiyatni tan olib, bosh vazirlikni topshirdi.
G’oliba Yinglak Chinavat xonim esa besh partiya boshini qo’shib, koalitsion hukumat tuzmoqchi.
“Barchamizning orzuimiz bir – xalq dardini yengillatish, iqtisodiyotni tiklab, korrupsiyani tugatish”, - deydi u.
Saylov natijalari qimmatbaho qog’ozlar bozoriga ijobiy ta’sir qilib, milliy valyuta – bat kuchaygan.
Yinglak Chinavat siyosatga yangi kelgan, biroq tajribali tadbirkor. Uquvli ekanini isbotlab, tezda odamlar nazariga tushdi.
Akasi 2006-yilgi g’alayonda hokimiyatdan ag’darilib, 2008-yilda Tailanddan qochgan sobiq bosh vazir Taksin Chinavat.
Quvg’indagi arbob korrupsiyada aybdor topilgan va vatanga qaytsa, ikki yil qamoq jazosini o’tashi kerak.
Sobiq bosh vazir bu ayblov siyosiy fitna deb keladi.