Breaking News

Tailanddagi uyg'ur qochoqlari taqdiri hanuz mavhum


Tailanddagi muhojirlar markazida hanuz 62 ta uyg'ur saqlanmoqda.
Tailanddagi muhojirlar markazida hanuz 62 ta uyg'ur saqlanmoqda.

Siyosiy boshpana so'rab Tailandga kirgan 60 dan ortiq etnik uyg'urlar taqdiri hanuz noma'lumligicha qolmoqda. Xitoy ularni qaytarish uchun Tailand hukumatiga bosim o'tkazayotgani haqida xabarlar bor.

2014-yil Tailandga kirgan va Turkiyaga borishni istayotgan 350 dan ortiq xitoylik uyg'urlarning 62 tasi hanuz Tailandda.

Huquq faollarining aytishicha, Xitoy hukumatining etnik ozchilik bo'lgan uyg'urlar dini va madaniyatiga o'tkazayotgan tazyiqi ularni mamlakatni tashlab ketishga majbur qilmoqda.

Pekin o'z navbatida bir guruh uyg'urlarni ekstremistlar va terrorchi tashkilotlar bilan aloqa o'rnatganlikda ayblaydi.

2014-yil hukumatni kuch bilan qo'lga kiritgan harbiylar xalqaro bosimlar kuchayishi ketidan Xitoyga yaqinlashmoqda, deydi siyosatshunos Titinan Pongsudxirak.

2015-yilda Pekin uyg'urlarni Xitoyga qaytarish bo'yicha Tailand hukumatiga bosim o'tkaza boshladi. Ayni paytda Turkiya diplomatlari ham ularni Turkiyaga olib ketish harakatiga tushdi.

2015-yilning iyulida Tailand 172 ta uyg'ur erkak, ayol va bolalarni Turkiyaga berishga rozi bo'ldi. Ammo, asosan, erkaklardan iborat 109 kishini Xitoyga deportatsiya qilgach, xalqaro tanqid va bosimlar ostida qoldi.

2016-yilning may oyida Tailandda muhojirlar markazida hibsda saqlanayotgan uyg'urlar Xitoyga qaytarilishga qarshi ochlik e'lon qildi.

Tailand hukumati maslahatchisi Panitan Vattanayagornning aytishicha, qolgan uyg'urlar taqdiri yuzasidan hanuz so'nggi qaror qabul qilinmagan.

"Jarayon davom etmoqda. Ko'rib chiqilmoqda, lekin hech qanday katta qaror qabul qilingani yo'q. Bu degani, ular kutishadi. Nafaqat uyg'urlar, balki barcha guruhlarga taalluqli bu", - dedi u.

Ammo huquq faollari uyg'urlar taqdiridan xavotirda.

Jahon uyg'urlar kongressi bosh kotibi To'lqin Isaning aytishicha, hibsdagi vatandoshlari og'ir sharoitlarda saqlanmoqda.

"Tailand hukumati hibsda saqlanayotgan uyg'urlar ishini xalqaro majburiyatlar doirasida tez fursatda ko'rib chiqishi kerak", - deydi Isa.

"Human Rights Watch" tashkiloti hech bir uyg'urning Xitoyga qaytarilmasligini so'ramoqda. Tashkilotga ko'ra, bu qochoqlar hayoti, agar Xitoyga qaytarilsa, xavf ostida qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG