Breaking News

Uchinchi partiyalardan ham prezidentlikka nomzodlar bor


Tramp, Bayden - yana kim prezident bo’lmoqchi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Oq uy uchun poygada Prezident Donald Tramp respublikachi sifatida yana to’rt yilga qayta saylanishga harakat qilmoqda. Uning raqibi Jo Bayden esa Demokratik partiya vakili.

Ammo prezidentlik uchun boshqa siyosiy guruhlardan ham nomzodlar borligini ko’pchilik bilmaydi.

“Tinchlik va ozodlik partiyasi. Amerikaning Mustaqil partiyasi. Odamlar bulardan bexabar”, - deydi siyosatshunos Tad Kusser.

Ularni uchinchi partiyalardan nomzodlar deb ataymiz. 2020-yilgi saylovda Tramp va Bayden qatorida Libertarian partiyadan Jo Jorgensen hamda Yashillar partisidan Xovi Hokins prezidentlik uchun kurashmoqda. Shov-shuvga sabab bo’lgan yana bir kandidat – repper Kanye Uest.

“Uning kampaniyasi bir jumboq, lekin Tug’ilgan kun degan partiyadan o’z nomzodligini olg’a surgan. Kanye qo’shiqlarida din haqida kuylaydi, konservativ saylovchilarga ma’qul kelishi mumkin”, - deydi Kusser.

Uchinchi partiyalardan nomzodlar odatda jamoatchilik tomonidan jiddiy qabul qilinmaydi, lekin ular saylov dinamikasini o’zgartirishga qodir. Misol uchun, Donald Tramp va Hillari Klinton o’rtasidagi 2016-yilgi poygani oling.

“2016-yilda uchinchi partiya nomzodlari Klintonga zarar keltirgani shubhasiz. Fuqarolar uchinchi partiyadan nomzodlarga bergan ovozlarni demokratlar olishi mumkin edi”, - deydi Rutgers universiteti professori Jon Farmer.

“Trampni ham, Klintonni ham yoqtirmagan saylovchilar norozilik sifatida uchinchi tarafga ovoz bergan”, - deydi Kusser.

Ammo ekspertlar fikricha, bu yilgi saylov boshqacha.

“Raqobat shunchalik kuchliki, Bayden yoki Tramp prezident bo’ladi. Hech kim ovozini isrof qilgisi kelmaydi. Shu bois hozir uchinchi partiyadan nomzodlarning reytingi past”, - deydi suhbatdosh.

2016-yilda ba’zi amerikaliklar Klintonni yoqtirmagani uchun boshqa nomzodlarga ovoz bergan. Bayden haqidagi qarashlar esa boshqacha, deydi Farmer.

“Klinton Uol-Strit bilan, jamiyatning boy qatlami bilan apoq-chapoq, qolaversa, global savdo bitimlarini quvvatlab, oddiy mehnatkashlarga nisbatan befarq bo’lgan, degan fikr shakllangan edi. Jo Bayden Pensilvaniya shtati, Skrenton shahridan, ishchilar oilasidan. Nazarimda, u oddiy odamlar bilan bog’lana oladi”, - deydi tahlilchi.

Saylov yilida pandemiya davom etayotgani tufayli ham uchinchi partiyalardan nomzodlar saylovchilar bilan uchrasha olmayapti.

Shuningdek, televideniyeda qimmat reklamalar berish uchun ularda zarur mablag’ yo’q.

“Uchinchi partiyadan kuchli nomzod yo’qligi demokratlarga qo’l keladi”, - deydi Farmer.

Biroq 2016-yilda ko’rganimizdek, prezidentlik saylovlari kutilmagan natija bilan tugashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG