“Isbot talab qilmas haqiqat shuki, insonlar tengdirlar va yaratgan ularni muhim huquqlar bilan siylagan. Ya’ni odamzot yashash, erkin bo’lish, baxt uchun kurashishga haqli va hukumatlar bu yo’lda uni himoya qilishlari lozim”.
Bu bebaho so’zlarning muallifi - Tomas Jeffersondir. Qo’shma Shtatlarning uchinchi prezidenti. AQSh davlati asoschilaridan biri.
Kuni-kecha bu fozil arbobning poytaxt Vashingtondagi memorialiga yo’lim tushdi. Jefferson hayoti, mahobatli yodgorlikka loyiq ishlari haqida jindak izlanish uchun yaxshi bahona bo’ldi.
Siyosatchi, faylasuf, me’mor, bastakor, olim, diplomat, kashfiyotchi va nihoyat prezident – bularning bariga ulgurgan - Tomas Jeffersondir. 1743 yilda Virjiniya shtatida dunyoga kelgan.
Hayoti davomida Kongress vakili, Fransiyada elchi, davlat kotibi, vitse-prezident, prezident lavozimlarida ter to’kkan. Baland bo’yli, sepkilli, biroz beso’naqay Jefferson o’tkir qalami bilan tanho edi deyishadi.
Mustaqillik Deklaratsiyasi ustida ishlayotgan pallada Jefferson endi 33 yoshga qadam qo’ygan edi. Inson huquqlari, erkin hayot, teng ta’lim va imkoniyatga ishongan. E’tiqod va hukumat ayri bo’lishi kerak deya kurashgan.
Minnatdor avlodlar Jefferson yodiga atab 1943 yilda Vashingtonda, Potomak daryosi bo’yida me’moriy majmua bunyod etadi. Bino qadim Rimga xos uslubda ishlangan. Aylana shaklda, marmar ustunlar bilan o’ralgan, gumbazli imorat. Ichiga kirsangiz salqin, yengil shabada esib turadi.
Yodgorlikning devorlariga Jefferson qalamiga mansub so’zlar bitilgan. Ozodlik, haq-huquq, baxt-saodat, din, qonun va davlat haqida…
Memorial atrofi yam-yashil daraxtzor. So’lim, mahobatli bu go’shadan odamning keti uzilmaydi. Rasmga tushish uchun ham zap joy.
Tomas Jefferson har bir arbob qilgan xizmatlari asosida baholanishi kerak deb hisoblagan. Amerikadek qudratli va erkin jamiyat poydevorini qo’yganlardan biri bo’lmish bu inson, bilib aytgan.