Breaking News

Tibetliklar Xitoy xalqining siyosiy savodxonligini oshirmoqchi


Tibetliklarning yangi siyosiy tashabbusi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Surgundagi Tibet hukumati Xitoy tarkibida Tibet muxtoriyatini tashkil etish masalasini qayta ko’tarmoqda. Bu safar ular Xitoy faollari va fuqarolik jamiyati vakillari e’tiborini tortishga urinmoqda.

Hindistonning Daramsala shahrida qo’nim topgan surgundagi Tibet hukumati rahbari Lobsang Sengening aytishicha, xorijdagilar orasida tibetliklar diniy rahnamosi Dalay Lamaning siyosiy talablari haqida tushunmovchiliklar ko’p.

Unga ko’ra, ko’pchilikda Tibet Xitoydan mustaqillik talab qilmoqda, degan xato qarash bor.

“Bunday tushunmovchilikni Xitoy hukumati rasmiylari va Xitoy hukumatiga xayrixoh odamlar tarqatgan, degan xulosaga keldik”, - deydi Senge.

Dalay Lama uzoq yillardan beri Tibet uchun avtonomiya talab qilib keladi. Muhojirotdagi Tibet hukumati “O’rta yo’l” deya ataladigan bu talab haqida Xitoy jamoatchiligini ko’proq xabardor qilish maqsadida yangi loyiha boshladi.

Tibet siyosati instituti rahbari Subten Samfelning aytishicha, ushbu tashabbus doirasida tibetliklar bu siyosiy kurashning Xitoyga qarshi qaratilmaganini tushuntirmoqchi.

“Ular uzoq bahs etilgan bu mavzuni hal etishning eng yaxshi yo’lini shu deb bilishmoqda. Bu yerda Xitoy Xalq Respublikasining hududiy birligiga daxl qilish yo’q. Ularning xohishi gonkongliklar istayotgan narsa bilan bir xil: mustaqil matbuot va so’z erkinligidan foydalana olish imkoniyati”, - deydi tadqiqotchi.

Rasmiy Pekin Tibet avtonomiyasiga oid yangi tashabbusga keskin raddiya bilan javob qaytardi. Hukumat so’zlovchisiga ko’ra, Lobsang Senge “100 foiz ayirmachi” bo’lib, uning xorijda tuzgan hukumati noqonuniydir.

“U ayirmachi tashkilot bo’lib, yashirin maqsadlarga ega va Tibetni Xitoydan ajratib olishni ko’zda tutadi”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Li.

Pekin xorijdagi Tibet hukumati bilan muloqot qilishdan bosh tortadi. Ammo Daramsaladagi tibetliklarning aytishicha, ular bu yerga tashrif buyuruvchi xitoylik olimlar va buddistlar vositachiligida Xitoy hukumati bilan norasmiy muzokara olib borishni istaydi.

“Umid qilamizki, odamlar Tibet masalasida yaxshiroq tushunchaga ega bo’ladi va ularning ta’siri orqali Xitoy hukumati hozirgi murosasiz siyosatini qayta ko’rib chiqib, Tibet xalqiga nisbatan erkinroq siyosat yuritish yo’liga o’tadi”, - deydi Lobsang Senge.

Yangi tashabbus o’z mevasini berishi uchun uzoq kutishga to’g’ri kelishi mumkin. Ammo tibetliklar sabr qilishga tayyor.

“Biz kutamiz, biz tibetliklar o’zgarishga qodirmiz”, - deydi tibetlik muhojirlardan biri.

Tibetliklarning yarim asrdan ziyod davom etayotgan siyosiy kurashida sabr ramziy ma’noga ega. Kurashning bunday nozo’ravon usuli xorijda tibetliklar talabini qo’llab-quvvatlovchi tarafdorlar sonining oshishiga xizmat qildi. Ammo Xitoyning o’zida siyosatni o’zgartirishga ta’siri deyarli sezilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG