AQShning yangi Davlat kotibi Reks Tillerson Davlat departamenti xodimlari bilan uchrashuvda shaxsiy va siyosiy maslaklar umumiy ishga halaqit bermasligi kerak, dedi.
Kecha vazirlikning mingga yaqin xodimi Prezident Donald Trampning, asosan, musulmonlar yashovchi yetti mamlakatdan fuqarolarni AQShga vaqtincha kiritmaslik qaroriga rasman norozilik bildirdi.
Tillerson Davlat departamentida ish uslibi o’zgarishi mumkinligiga ishora qildi, ammo, dedi u, o’zgarishlar o’zgarish uchungina bo’lmaydi.
Yangi davlat kotibi Tramp saylanganidan so’ng Amerika siyosiy doiralarida qutblashish kuchayganini aytib, xodimlarga o’z ishi bilan shug’ullanishni tavsiya qildi.
“Vijdon bilan ishlasak, tashqi siyosatimiz bundan katta foyda ko’radi”, - dedi u.
Tillersonning nomzodi Senatda ovozga qo’yilganida 46 demokrat-senatordan 43 tasi unga qarshi ovoz berdi.
Siyosiy bo’linishlarga qaramay, deydi davlat kotibining sobiq yordamchisi Tomas Kantrimen, vazirlik Tillerson rahbarligida bir maromda ishlaydi.
“Davlat departamentida o’n minglab yuqori malakali kadrlar bor. Barchasi Tillersonning muvaffaqiyat qozonishini istaydi”, - deydi u.
Tillerson qator global muammolar bilan shug’ullanishiga to’g’ri keladi. Bular Suriyada fuqarolar urushi, Shimoliy Koreya yadro salohiyatining oshayotgani, Janubiy Xitoy dengizida Xitoy harbiy qudratining yuksalayotgani.
Qonunchilarning ba’zilari Tillersonni Rossiya bilan iliq aloqalari uchun bu lavozimda tasdiqlamoqchi emas edi, ammo u Amerika manfaatlarini hamisha birinchi o’ringa qo’yishini bildirdi. Tillersonning bundan keyin Rossiyaga bo’lgan munosabati yaqindan nazorat qilib turiladi.