Breaking News

Tillerson Misrga bordi. Iordaniya, Turkiya, Livan va Quvaytda ham bo'ladi


Reks Tillerson
Reks Tillerson

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pensning Misrga tashrifi ketidan Davlat kotibi Reks Tillerson ham bu mamlakatga tashrif buyurgan. Tillerson besh kun ichida, shuningdek, Iordaniya, Turkiya, Livan va Quvaytda ham bo'ladi.

AQSh bosh diplomati Qohirada Prezident Abdul Fattoh Sissiy va Tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy bilan mintaqa xavfsizligiga tahdidlar, Liviya va Suriyadagi vaziyat hamda Isroil-Falastin mavzularida gaplashadi.

Misr Sinay yarimorolida jangarilarga qarshi amaliyot boshlagan. 11-fevral kuni 16 jihodchi yo'q qilingan, 30 dan ziyodi qo'lga olingan.

Turkiyada Tillerson Anqarada hibsga olingan amerikaliklarni ozod etishni so'rashi, Suriya shimolida kurdlarga qarshi harbiy amaliyotlarni muhokama qilishi kutilmoqda.

"Bunday paytda muloqot o'ta muhim", - dedi Davlat departamenti rasmiylaridan biri.

AQSh va Turkiya ittifoqchi bo'lishiga qaramay, Suriya masalasida so'nggi paytlarda kelisholmayapti, munosabatlar taranglashgan.

Davlat departamentiga ko'ra, turk millatiga mansub AQSh fuqarosi Serkan Golge 2016-yil iyulida hibsga olinib, terror tashkilotiga a'zolikda ayblanib shu yil 8-fevralida qamalgan. 1-fevral kuni esa "Xalqaro Amnistiya" tashkilotining Turkiya bo'limi boshlig'i Taner Qilich ham qo'lga olinib, sudini kutmoqda. U ham terrorizmga aloqador ayblov bilan hibsda.

Davlat departamenti vaziyatdan xavotirda ekanini bildirib, Turkiya hukumatidan favqulodda holatni bekor qilishni, favqulodda holat sabab aniq dalilsiz hibsga olingan odamlarni ozod etishni, qonun ustuvorligini ta'minlashni so'ramoqda.

2016-yil iyulida mamlakatda davlat to'ntarishiga qaratilgan harakat bostirilgach, hukumat favqulodda holat e'lon qilib, shu kunga qadar voqeaga aloqadorlik gumoni bilan 40 dan ziyod odam hibsga olingan, 125 ming xizmatchi, jumladan, politsiyachi, harbiy, adliya tizimi xodimlari, jurnalistlar, o'qituvchilar ishdan olingan.

Prezident Rajab Toyib Erdog'an AQShda yashayotgan sobiq imom Fathulla Gulenni bu ish ortida turganlikda ayblagan, Gulen ayblovlarni inkor etmoqda. Qo'shma Shtatlar Turkiya hukumatining Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilish talabini qondirmadi. Shundan beri ikki davlat aloqalari buzilgan.

Vashingtonning suriyalik kurdlarga bergan yordami ham Anqarani g'azabga solgan. AQSh harbiylari kurd bo'linmalarini tayyorgalikdan o'tkazib, qurol bilan ta'minlagan. Anqara suriyalik kurdlarni Turkiya hududida o'z davlatiga asos solmoqchi bo'lgan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador deb biladi.

Ayni damda turk qo'shinlari Suriyaning Turkiya bilan chegaradagi Afrin shahrida kurdlar bilan olishmoqda.

Davlat kotibi Tillerson Iordaniyada ham bo'lib, ikki tomonlama yordam haqida anglashilma memorandumini yangilamoqchi, Suriyadagi vaziyatni muhokama qilib, Yaqin Sharq tinchlik jarayoni xususida gapashmoqchi.

Bayrutda esa Tillerson Livan Prezidenti Mishel Aun, Bosh vaziri Saad Haririy, parlament spikeri Nabih Berri bilan ko'rishadi. Besh kunlik safarning so'nggi manzili - Quvayt. Tillerson "Islomiy davlat" terrorchi to'dasiga qarshi kurashayotgan 74 mamlakat a'zo xalqaro koalitsiya ishtirokchilarining vazirlar darajasidagi majlisi hamda Iroqni qayta tiklash bo'yicha anjumanda qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG