Pokiston hukumati azaldan Tolibonga qarshi yetarlicha chora ko'rmayotganlikda ayblanadi. Amerika bu borada uzoq yillardan beri norozilik bildirib, Islomobodni siyosatni o'zgartirishga undab keladi.
Davlat kotibi Reks Tillerson Pokiston Bosh vazir Shohid Hoqon Abbosiy va bu davlatning harbiy rahbarlari bilan uchrashib, razvedka borasida hamkorlik yuzasidan ham fikr almashgan.
"Pokiston biz uchun juda muhim, mintaqaviy xavfsizlik uchun birga ishlashda davom etamiz, yaqindan", - deydi Tillerson.
Biroq Islomobod jangari kuchlarga zimdan yordam bermasligi zarur, deydi rasmiylar.
Pokiston bosh vaziri ham Vashington bilan hamkorlik uning davlati uchun nihoyatda muhim ekanini aytgan va aynan razvedka sohasida sheriklik ustun, deya ta'kidlagan.
Islomobodga borishidan oldin Tillerson Afg'onistonda to'xtagan. Kobul Pokistonni uning tinchligini buzayotganlikda qoralab keladi. Tolibon, afg'onlar n azarida, Pokiston quvvatlovi bilan hamon faol.
"Pokiston o'ziga nisbatan shubha va gumonlar barham topishini istasa, terror tashkilotlari bilan rishtalarini ko'rib chiqishi kerak", - deydi Tillerson bugungi muzokaralar ketidan.
Amerika bilan hamkorlik, deydi u, Pokiston bunday keyin qanday qadam tashlashi va qo'shni Afg'oniston bilan munosabatlari qay tomon yo'nalishiga asoslanadi.
Tramp ma'muriyati tanishtirgan biroq hali ham bitmagan strategiya amaliyoti faqat Vashingtonga emas, Kobul va Islomobod xatti-harakatiga ham bog'liq.
Afg'onjston rahbariyati fikricha, yangi strategiya ish berishi uchun zamin yaratilgan. Maqsad tinchlikni mustahkamlash va notinch viloyatlarda nazoratni butkul qo'lga olish.
Pokistonda yashiringan eng yirik guruh bugun Haqqoniy tizimi bo'lib, ular qabilaviy hududlarda katta yerlarni egallab olgan. AQSh bu to'da hukumat quvvatlovisiz faoliyat yurita olishiga ishonmaydi. Islomobod esa ularga qarshi ayovsiz chora ko'rayotganini da'vo qiladi. Afg'oniston xulosa qilishicha esa bugun uning zaminida qilinayotgan terror xurujlari aynan haqqoniylarning ishi. ko'plab ekspertlar tahlilicha, toliblar va haqqoniylar orqali Pokiston o'z ta'sir kuchini oshiradi, mintaqadagi rolini ushlab turadi.
Facebook Forum