AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson chorshanba kuni Rossiyaga yo’l oladi. Qo’shma Shtatlar payshanba oqshom Suriyaning Hims viloyatida joylashgan Shayrat harbiy-havo bazasini qanotli raketalar bilan urganidan so’ng Tillersonning Moskvadagi muzokaralari qiyin kechishi kutilmoqda.
Qo’shma Shtatlar Suriya Prezidenti Bashar Assadni seshanba kuni Idlib viloyatidagi Xon-Shayxun shahrida tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo’llashni buyurganlikda ayblamoqda. Assadni qo’llab-quvvatlayotgan Rossiya by da’volarni inkor etarkan, gazni jangarilar chiqarganini aytadi. Kimyoviy hujum natijasida kamida 100 odam o’lgan. Idlib viloyati Assadga qarshi kurashayotgan kuchlar qo’lida.
O’tgan haftagacha Suriya rahbariga mo’tadil munosabatda bo’lgan Tramp ham, Tillerson ham endi Assadni qoralamoqda.
“Bizdagi ma’lumotlardan shunisi ayonki, Bashar Assad yetakchiligidagi Suriya rejimi kimyoviy hujumga javobgar. Rossiya Assad tuzumiga berayotgan yordamidan voz kechishi zarur”, - dedi AQSh davlat kotibi.
Amerika sobiq rasmiylarining aytishicha, Kreml bilan Suriya va boshqa masalalarda hamkorlikni yo’lga qo’ymoqchi bo’lgan Tramp ma’muriyati bir qarorga kelishi kerak.
"Qo’shma Shtatlar siyosatini to’g’rilashi, amaldagi ma’muriyat Putinning dunyo tinchligi va xavfsizligiga ko’rsatayotgan salbiy ta’siriga qarshi choralarni o’z ichiga olgan haqiqiy siyosat va strategiyani tezroq ishlab chiqishi zarur”, - deydi sobiq diplomat Daniel Bayer.
Davlat departamenti rasmiylariga ko’ra, Tillerson Ukraina masalasini ham ko’tarib, Rossiyadan Minsk bitimiga rioya qilishni so’raydi va busiz Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinmasligini ta’kidlaydi.
“AQSh ma’muriyati bilan shu mavzuda olib borgan suhbatlarimizdan shunisi ma’lumki, sanksiyalarni bekor qilish rejasi yo’q va bu masalada AQSh Yevropa Ittifoqi bilan birdam”, - deydi Yevropa Ittifoqining AQShdagi missiyasi rahbari Deyvid Osullivan.
Vashington Moskva bilan muhim masalalarda hamkorlikka tayyor, biroq xalqaro qonunlar buzilganida Rossiyani tartibga chaqirishdan chekinmaydi.