AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson o’tgan yili hokimiyatni ag’darish harakatiga qarshi mardona turib berdingiz, deya Turkiya xalqini maqtamoqda. Amerika bosh diplomati Germaniyada Katta Yigirmalik yig’inidan so’ng Ukraina va Turkiyaga tashrif buyurdi.
Reks Tillerson Turkiyada Jahon neft kongressi anjumanida qatnashdi. Tramp hukumatiga qo’shilgunga qadar “EksonMobil” neft korporsatsiyasiga yetakchilik qilgani uchun unga unvon topshirildi. Shu kunlarda Anqara amalga oshmagan to’ntarishning bir yilligini nishonlamoqda.
“Bu juda muhim sana. Bir yil oldin Turkiya xalqi, jasur erkak va ayollar, o’z mamlakatini, hayot tarzini, demokratiyani himoya qilgan”, - deydi Tillerson.
AQSh diplomati to’ntarish kechasi 240 kishi jon berganini yodga olar ekan, undan so’ng Rajab Toyib Erdog’an hukumati amalga oshirgan ta’qiblar haqida indamadi. Vaholanki, o’shanda 100 ming odam ishdan chetlatilgan, yana 40 mingdan ziyodi hibsga olingan.
Tillerson Anqarada Prezident Erdog’an bilan muloqot qildi. So’nggi payt ikki davlat munosabatlari birmuncha sovuqlashgan. May oyida Erdog’anning Vashingtonga safari chog’ida namoyishchilar kaltaklangan edi. Ur-yiqitda turk prezidentining qo’riqchilari ham qatnashgan, o’nlab odam jarohat olgan edi. AQSh huquq-tartibot idoralari 16 kishini hibsga olish to’g’risida qaror chiqardi.
Reks Tillerson Ukrainada ham to’xtab, Rossiyani bu davlatga qarshi agressiyani bas qilishga undadi.
“AQShning pozitsiyasi shuki, Ukraina suvereniteti tiklanishi lozim. Rossiya tinchlikni tiklash bo’yicha erishilgan kelishuvlarga to’liq amal qilishini istaymiz”, - deydi Tillerson.
Uning aytishicha, Rossiya Qrimni egasiga qaytarmaguncha AQSh va Yevropa joriy etgan sanksiyalar olib tashlanmaydi. Bu bayonotlardan ikki kun oldin Amerika rahbari Donald Tramp Germaniyada Prezident Vladimir Putin bilan ilk marotaba yuzma-yuz muloqot qildi. Oq uyning bildirishicha, Rossiyaning AQSh saylovlariga aralashuvi to’g’risida ham prezidentlar gaplashib olgan.
“Tramp Amerika xalqi bu masala yuzasidan chuqur xavotirda ekanini aytdi”, - deydi diplomat.
Tillersonga ko’ra, kiberxavfsizlik murakkab mavzu va bu jabhada xalqaro hamkorlik zarur.
Facebook Forum