Koronavirus sabab dunyoda ko’plab mahalliy va xalqaro sport musobaqalari ham bekor qilinmoqda yoki qoldirilmoqda. Shu yoz kutilgan eng yirik musobaqa – Olimpiya o’yinlari 2021-yilga qoldirildi.
Bu haqda e’lon qilgan Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening aytishicha, bu sportchilar va tomoshabinlar salomatligini o’ylab qabul qilingan qarordir.
Shu kungacha Olimpiya o’yinlari uch marotaba qoldirilgan yoki bekor qilingan bo’lsa, har safar urush sabab bo’lgan edi.
Abe Xalqaro Olimpiya qo’mitasi ham bu qarorni qo’llab-quvvatlaganini aytadi.
“Tokio Olimpiadasi va Paralimpiya o’yinlarini 2021-yil yozigacha to’liq shaklda o’tkazishga kelishdik. Bu insoniyatning yangi koronavirus ustidan g’alabasi nishonasi bo’lib xizmat qiladi”, - deydi Abe.
Olimpiya o’yinlari 2021-yilning qaysi oyi va kunlarida bo’lishi hozircha noma’lum. Musobaqaning qoldirilishi oqibatida reyslar va mehmonxonalardagi bronlar bekor bo’lib, Yaponiyadagi ko’plab kompaniyalar iqtisodiy zarar ko’rishi kutilmoqda.
Facebook Forum