Dunyo bo’ylab turizm ko’lami oshgan. Lekin Amerikada chet ellik sayyohlar oldingidan kamroq. Bunga, deydi ekspetlar, Prezident Donald Trampning siyosati aybdor. Bir necha mamlakat fuqarolarining kelishini cheklab qo’yish butun musulmon dunyosiga nisbatan taqiq sifatida talqin qilinmoqda.
Gollivudning mashhur “Rodeo Drive” degan ko’chasidamiz. Jahonning boylari, taniqli odamlar bozor qilishga keladigan joylar. Qimmat mollar sotiladi.
Biroq keyingi oylarda mehmonlar oz, ayniqsa arab va musulmon dunyosidan.
“Amerikaning o’zidan kelayotganlar hali ham ko’p – mahalliy turistlar. G’arbiy shtatlardan sayyohlar yozda ayniqsa serob. G’arb davlatlaridan kelayotganlar ham kame mas, lekin oldinlari sharqdan boy xaridorlar ko’proq kelar edi. Hozirgi oqim unchalik emas”. - deydi Juli Vagner, turizm byurosi rahbari.
Bejirim va qimmat mahsulotlari bilan nom qozongan dizaynerlarning do’konlari gavjum emas. Mehmonxonalarda ham xorijliklar kam.
“Burun gala-gala bo’lib savdo qilishga kelishar edi, ayniqsa Saudiya Arabistonidan sayyoh ko’p edi. Xizmatkorlari bilan yurishar edi, ko’chalarni to’ldirib. Lekin bu yildan boshlab ularni juda kam ko’rasiz. Musulmon boylarning qadami kesildi”, - deydi Vagner.
Amerikadan ko’ra Yevropaga borayotganlar soni oshgan. Yevro arzonroq, dollar qimmatroq.
“Yevroning qiymati pasaygan. Fransiyada chet ellik xaridorlar ko’paygan. Sharq mamlakatlaridan Fransiyaga borish osonroq. Yevropa dizaynerlarining do’konlariga borib, asl mollarni olishadi. Oldin Amerika arzonroq deb bu yerga intilishar edi”, - deydi turizm byurosi rahbari.
Lekin kamayganlar faqat musulmonlar emas. Xitoydan keladigan sayyohlar ham ozaygan. Pekin va Shanxaydan Kaliforniyaga turistlar oqimi tinmas edi.
“Amerikaga chet elliklarga ochiq emas, degan qarash keng tarqalgan. Bugungi hukumat faqat AQShni o’ylaydi, boshqalar unga bir pul, degan fikr bor. Dollar baquvvat. Arab dunyosida kelishmovchiliklar avjiga chiqqan. Xullas, sayyohlarni bizdan uzoqlashtirayotgan omillar talay”.
Yurt kezayotgan amerikaliklar esa har doimgidan ko’p.
“Bizneslarimiz o’layotgani yo’q. Mehmonxonalarga talab hali ham katta. Biznes degan narsa kun sayin yangilanib boradi. Odamlar o’zgarmoqda, talablar ham o’zgacha hozir. Moslashish kerak. Ishimizni har kuni qayta ko’rib chiqamiz. Mahalliy talab – birinchi o’rinda”, - deydi Vagner.
Kaliforniya bo’ylab mahalliy sayyohlarga xizmat yanada yaxshilandi, eng sodiq mijozlar – o’zimizning odamlar, deydi turizm sohasi egalari.
Facebook Forum