Breaking News

AQSh-Xitoy o’rtasidagi kelishmovchiliklar 2021-yilda ham davom etishi kutilyapti


AQShning savdo siyosati: O’tgan to’rt yil va kelajak
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Tramp boshqaruvi davrida AQSh ikki tomonlama savdoga urg’u berib, Trans-Tinch okeani hamkorligi nomli kelishuvni tark etdi. Jo Bayden ko’p tomonlama bitimlarga qaytish, ittifoqchilar bilan yaqinroq ishlashga va’da bermoqda.

2020-yilning noyabrida 15 mamlakat Keng qamrovli regional iqtisodiy sheriklik (RCEP) bitimini imzolagan. Bu dunyodagi eng yirik erkin savdo kelishuvi bo’lib, global yalpi ichki mahsulotning 28 foizini hamda 2,2 milliard odamni qamrab oladi.

Xitoy shafeligida qabul qilingani aytilayotgan bu hujjatga AQSh qo’shilmagan. Obama davrida esa Trans-Tinch okeani hamkorligi, ya’ni TPP degan bitim esa Xitoyni chetlab o’tgan edi. 2016-yilda 12 davlat imzolagan TPP kelishuvidan Prezident Tramp 2017-yilda AQShni chiqargan.

“Ushbu bitimlar jamiki savdo-sotiq qanday bo’lishini belgilamaydi, albatta. Ammo ayrim bandlari AQSh bizneslariga, chegara osha savdo qanday bo’lishiga ta’sir qiladi”, - deydi AQSh-ASEAN Biznes kengashidan Mark Mili.

Jo Baydenning ta’kidlashicha, AQSh o’z ishchilari va infratuzilmasiga sarmoya qilmaguncha savdo kelishuvlariga qo’shilmaydi. Lekin ittifoqchilari bilan bamaslahat ish tutadi.

“Savdo qoidalarini Xitoy va boshqalarga qo’yib bergandan ko’ra o’zimiz belgilashimiz kerak”, - deydi AQSh bo’lajak rahbari.

Baydenning ko’p tomonlama hamkorlikni ma’qul ko’rishi muddati tugayotgan amaldagi prezidentning “Amerika birinchi” degan yondashuvidan farq qiladi.

2018-yilda Tramp Janubiy Koreya bilan, 2019-yilda Yaponiya bilan savdo bitimlariga o’zgartirishlar kiritgan. Biroq asosiy e’tiborni u Xitoy bilan savdo urushiga qaratdi.

“250 milliard dollarga teng mahsulotiga 25 foiz, yana 300 milliard dollarlik mahsulotiga 7,5 foiz tarif qo’yamiz”, - degan edi Tramp.

AQSh Xitoyning texnologiya kompaniyalarini ham nishonga oldi, “Xuavey”ni josuslikda aybladi. Tramp Britaniya qatorida Yevropaning bir necha kichik davlatlarini 5G tarmog’ini yaratish loyihalaridan chiqarib tashlashga ham ko’ndirdi.

Tariflar qo’llanishiga qaramasdan AQShning Xitoy bilan savdo defitsiti 2019-yilda kamaygan bo’lsa, pandemiya davrida yana o’sdi.

“Siyosatga aniqlik kiritmasdan, faqat qat’iylikning o’zi samara berishi savol ostida”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan tahlilchi Vikram Singx.

Yanvarda Vashington va Pekin dastlabki savdo kelishuvini imzolagan edi. Xitoy Amerikadan ko’proq mahsulot xarid qilishga rozi bo’lgan. Jumladan, 36,5 milliard dollarga teng qishloq xo’jaligi mahsulotlarini.

COVID-19 inqirozi davom etar ekan, prezidentligining ilk oylarida Bayden asosiy e’tiborni aholini emlashga va iqtisodiyotga qaratishi mumkin. Xitoy bilan esa tarang aloqalar davom etishi kutilyapti.

“Ikki mamlakatni kim boshqarayotganidan qat’i nazar orada raqobat davom etadi. Gap yuqorida o’tirgan rahbarlar tarixiy voqealar ustidan nazoratni saqlay olishida, oqilona qarorlar qila olishida”, - deydi Nanyang universiteti professori Evan Reznik.

Bayden tarafidan tariflarni yengillashtirishga qaratilgan har qanday harakat qarshilikka uchrashi tayin. Chunki Xitoyga nisbatan qat’iy pozitsiyani Kongressdagi har ikki partiya qo’llab-quvvatlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG