Prezident Donald Tramp aholisi asosan musulmonlardan iborat yetti davlatdan odamlarni Amerikaga kiritmaslik haqida farmon berganidan bir hafta o'tdi. Kongress Vakillar palatasidagi demokratlar prezidentdan bu kabi ziddiyatli qarorlarni bas qilishni talab qilayapti.
Amerika bo'ylab har kuni namoyishlar. Demokratlar nazarida Prezident Tramp uzviy qadriyat va tamoyillarni oyog'osti qilmoqda.
"Tramp ma'muriyati Amerikani xavfli yo'l tomon boshlayapti", - deydi Vakillar palatasida ozchilik demokratlar sardori Nensi Pelosi.
Prezident esa xalq uning tomonida deya uqtiradi.
"Amerika saylovchilarining aksariyati Suriya, Iroq, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yamandan vaqtincha qochoq kiritmaslik qarorini yoqlayapti", - deydi Oq uy matbuot kotibi Shon Spayser. "Xavfli omillardan xalos bo'lish uchun qilinayapti bu", - deydi u.
Qoshma Shtatlarning musulmon jamoasi katta shaharlarida bu taqiq vahimaga sabab bo'layapti. Michigan shtati, Diyerborn shahrini oling.
"Odamlar tunda birov kelib, ularni deportatsiya qila boshlashadi deya qo'rquvda yashamoqda", - deydi demokrat Debbi Dingell.
Xavfsizlik deganda qonun ustuvorligi, Konstitutsiyadagi tamoyillarga, e'tiqod erkinligiga hurmat ham nazarda tutiladi, deya eslatadi u.
Tanqidchilar fikricha, farmon Amerikaning obro'siga putur yetkazadi.
"Qo'shma Shtatlar muhojirlar va qochqinlarni bag'riga oladigan erkin diyor edi, yuzlab yillardan beri shu an'ana saqlanib keldi. Taqiq vaqtincha deyishadi, lekin uning ijrosi, prezidentning gap-so'zlaridan buning aksi deb o'ylaysiz", - deydi iste'fodagi diplomat Tomas Kantriman.