Breaking News

Prezident Tramp Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasini e'lon qildi


AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

AQSh Prezidenti Donald Tramp 16 yildan beri urush domida bo'lgan Afg'oniston bo'yicha uzoq kutilgan yangi strategiyasini e'lon qildi. Unda AQSh askarlari sonini oshirish yoki kamaytirish haqida aniq raqamlar aytilmadi, ammo harbiy va siyosiy choralar kuchaytirilishi qayd etildi.

Tramp yangi siyosatni televideniye orqali xalqqa qilgan murojaatida e'lon qildi.

"Dastlab askarlarni olib chiqishni o'ylagan edim. Lekin Oq uyga kelganingdan keyin beriladigan qarorlar boshqacha bo'larkan. Afg'onistonni har tomondan batafsil o'rganib shu qarorga keldim", - dedi Tramp.

Tramp prezidentlik uchun saylov kampaniyasi paytida amerikalik askarlarni Afg'onistondan olib chiqishini aytib kelgan edi. Ammo bugungi bayonoti uning o'z fikrini o'zgartirganini ko'rsatdi. Shuningdek, u amalga oshirayotgan choralar avvalgi prezidentlar siyosatidan ko'p farq qilmaydi.

Shunga qaramay, u o'z strategiyasining sobiq prezident Barak Obamanikidan keskin farq qilishini aytdi. Trampga ko'ra, avvalgi davlat rahbari Afg'onistondagi masalalarni amalga oshirish uchun sun'iy muddatlar qo'ygan. Biz esa vaziyatdan kelib chiqadigan, keng qamrovli siyosat yuritamiz, dedi Tramp.

Tramp Afg'oniston bo'yicha yangi siyosatini harbiylar huzurida e'lon qildi.
Tramp Afg'oniston bo'yicha yangi siyosatini harbiylar huzurida e'lon qildi.

"Kuchlarni tez olib chiqish qabul qilib bo'lmas va oqibati og'irligi ma'lum chora, - dedi Tramp. - Shoshilinch tark etish terrorchilar uchun bo'shliq yaratadi. 11-sentabr oldidan bo'lganidek, bu bo'shliqni ular, jumladan, IShID va Al-Qoida tezlik bilan to'ldiradi".

Trampning aytishicha, AQSh terrorchilar yashirin hududlarini yo'q qilish uchun Pokistonga siyosiy bosimni kuchaytiradi.

Uning bu gaplari Pokiston bilan beqaror aloqalarni yanada chigallashtirishi kutilmoqda.

Tramp mintaqada siyosiy va iqtisodiy loyihalarni kuchaytirish haqida ham gapirdi. Ammo yangi ma'muriyat davrida ancha zaiflashdan Davlat departamenti bu tashabbuslarni qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshira olishi savol ostida. AQSh haligacha Afg'onistonga elchi tayinlamagan. Afg'oniston va Pokiston bo'yicha AQSh maxsus vakili idorasi ham qisqartirishga uchragan.

Ayni paytda Afg'onistonda, taxminan, 8400 AQSh askari borligi aytiladi. Ular 13 ming kishilik xalqaro kuchlar doirasida afg'on askarlariga maslahat berish va tayyorgarlikdan o'tkazish vazifalari bilan shug'ullanadi. Bundan tashqari, o'lkada AQSh IShID kabi terrorchi guruhlarga qarshi amaliyotlar uchun mas'ul qo'shimcha 2000 kishilik maxsus kuchlarga ham ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG